Antoniu Guterrish: Sunʼiy intellekt milliarderlarning o‘yinchog‘i bo‘lmasligi kerak
Fevral 20, 2026. 11:14 • 2 daq
• 89
NYU-DEHLI, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan sunʼiy intellekt sammitida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘zga chiqib, rivojlanayotgan mamlakatlarning sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 3 milliard dollarlik global jamg‘arma tashkil etishga chaqirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri BMT portali maʼlumotiga tayanib.
Sunʼiy intellekt taʼsiri bo‘yicha sammit 2023-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Bundan avval ushbu sammitga Fransiya, Koreya Respublikasi va Buyuk Britaniya mezbonlik qilgan.
Hindistonda o‘tkazilgan yig‘ilishda sunʼiy intellekt bo‘yicha ko‘plab tashabbus va fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, BMT rahbari bu haqida gapirar ekan, maʼlumotlar infratuzilmasi, mavjud hisoblash quvvatlari va inklyuziv raqamli ekotizimlarni rivojlantirishga sarmoya kiritilmasa, ko‘plab davlatlar sunʼiy intellekt davrida “tashqarida” qolish xavfi ostida qolishini taʼkidladi.
“Maqsadimiz – uch milliard dollar. Bu bitta texnologik kompaniyaning yillik daromadining bir foizidan kamrog‘i”, – deydi Guterrish.
Bosh kotib BMT sunʼiy intellektni boshqarishning global tizimini shakllantirish uchun harakatlar boshlanganini taʼkidladi. Jumladan, o‘tgan yili Bosh Assambleya tomonidan sunʼiy intellekt bo‘yicha mustaqil xalqaro ilmiy guruh taʼsis etildi. Uning tarkibiga butun dunyodan 40 nafar yetakchi ekspertlar kiritilgan. Ularning vazifasi sunʼiy intellektning xavflari, imkoniyatlari va ijtimoiy taʼsirini mustaqil baholashdan iborat.
“Sunʼiy intellekt milliarderlarning o‘yinchog‘i bo‘lmasligi lozim. Sunʼiy intellekt hammaga tegishli bo‘lishi kerak”, - deya qatʼiy taʼkidladi BMT rahbari.
Antoniu Guterrishning fikricha, sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalanilsa, u Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga hissa qo‘shishi mumkin: tibbiy kashfiyotlarni tezlashtirish, taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, iqlimga qarshi choralarni kuchaytirish va davlat xizmatlarini yaxshilash.
Shu bilan birga, u xavflar haqida ham ogohlantirdi: tegishli tartibga solishsiz sunʼiy intellekt tengsizlikni kuchaytirishi, tarafkashlikni mustahkamlashi va zarar yetkazishi mumkin.
“Bizga insonning ishtirokini taʼminlaydigan, uning ustidan nazorat va masʼuliyatni saqlaydigan himoya mexanizmlari kerak”, deya so‘z yuritgan BMT bosh kotibi.
Antoniu Guterrish bolalar va boshqa zaif guruhlarni ekspluatatsiya va suiisteʼmolchiliklardan himoya qilish zarurligini alohida eslab o‘tgan: “Hech bir bola sunʼiy intellektdan nazoratsiz foydalanish bilan bog‘liq sinovlar obyektiga aylanmasligi kerak”.
UNIC New Delhi portalidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
