Sietldagi «Birodar shaharlar ko‘rsatkichi»da Toshkent nomi o‘rin oldi
Sentabr 21, 2026. 18:30 • 3 daq
• 148
SIETL, 21-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Sietlda dunyoning turli mamlakatlaridagi birodarlashgan shaharlarni birlashtiruvchi ramziy yo‘l ko‘rsatkichining taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Sietlning «Lake Union Park» hududida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda shaharning to‘rt qit’ada joylashgan 20 ta birodarlashgan shahri va mahalliy jamoatchilik vakillari jamlandi.
Yangi ramziy yo‘l ko‘rsatkichda Sietlning barcha birodarlashgan shaharlari qatorida O‘zbekiston poytaxti – Toshkent nomi ham alohida o‘rin egalladi.
1973-yilda o‘rnatilgan Toshkent va Sietl o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari tarixiy jihatdan alohida ahamiyatga ega. Aynan Sietl AQSH shaharlari orasida sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi shahar bilan birodarlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan ilk shahardir. Yarim asrdan ortiq davom etayotgan ushbu aloqalar murakkab tarixiy davrlardan o‘tib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va xalq diplomatiyasining yorqin namunasiga aylandi.
Toshkent va Sietlni 10 ming kilometrdan ziyod masofa ajratib turadi. Shu jihatdan Sietl O‘zbekiston poytaxtining geografik jihatdan eng olis birodarlashgan shaharlaridan biri bo‘lsa-da, ikki shahar o‘rtasidagi insoniy aloqalar, madaniy va ta’lim almashinuvlari o‘nlab yillar davomida ushbu masofani yaqinlashtirib kelmoqda.
Toshkent–Sietl munosabatlarining tarixida ko‘plab ramziy tashabbuslar mavjud. Xususan, 1980-yillarda ikki shahar jamoatchiligi tinchlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarda faol ishtirok etgan.
1988-yilda amerikalik ko‘ngillilar ishtirokida Toshkentda «Seattle–Tashkent Peace Park» barpo etilgan. Ushbu loyiha shaharlar o‘rtasidagi munosabatlarning insonlar o‘rtasidagi samimiy do‘stlik asosida shakllanganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda mazkur tarixiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekistonning Sietl shahrida Bosh konsulxonasi faoliyat boshlagani Toshkent va Sietl o‘rtasidagi yarim asrdan ziyod davom etayotgan hamkorlikka yangi sur’at berish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.
Bosh konsulxona tomonidan Toshkent–Sietl birodarlik munosabatlarini yanada faollashtirish, mavjud tarixiy aloqalarni zamonaviy mazmun bilan boyitish, ta’lim, madaniyat, AKT, innovatsiyalar, biznes, turizm sohalarida yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, ta’lim muassasalari, madaniyat va san’at tashkilotlari, biznes hamjamiyatlari hamda jamoat birlashmalari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish istiqbollari mavjud.
Sietldagi yangi «Qardosh shaharlar belgisi» nafaqat shaharlar o‘rtasidagi geografik masofani ko‘rsatuvchi belgi, balki dunyoning turli burchaklaridagi xalqlarni do‘stlik va o‘zaro hurmat orqali birlashtiruvchi ramzga aylandi. Unda «Toshkent» nomining aks etishi O‘zbekiston va AQSH xalqlari o‘rtasidagi ko‘p yillik mustahkam do‘stlik an’analarining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi