Pokiston kompaniyasi Nukusda zamonaviy to‘qimachilik korxonasi tashkil etishni rejalashtirmoqda
Iyul 08, 2026. 09:30 • 2 daq
• 169
LAHOR, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonning Panjob provinsiyasiga tashrifi doirasida mamlakatning yirik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri – “Indus Group” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida pokistonlik ishbilarmonlarga Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud shart-sharoit va imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.
“Indus Group” kompaniyasi bilan Nukus shahrida barpo etilayotgan texnopark hududida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy to‘qimachilik korxonasini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish uchun texnopark hududidan zarur yer maydoni ajratilishi bo‘yicha fikr almashildi.
– Mazkur loyihani har tomonlama o‘rganib chiqamiz. Shu bilan birga, biz Qoraqalpog‘istonda axborot texnologiyalari va maʼlumotlar markazlari (Data Center) sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishimiz mumkin, – dedi kompaniya rahbari.
Uchrashuv jarayonida muhokama qilingan takliflarni joyida o‘rganish, Qoraqalpog‘istonning investitsiya salohiyati va ishbilarmonlik muhiti bilan yaqindan tanishish, istiqbolli investitsiya loyihalari yuzasidan amaliy muzokaralar o‘tkazish maqsadida joriy yil davomida “Indus Group” kompaniyasi delegatsiyasining Qoraqalpog‘istonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, to‘qimachilik sanoati, axborot texnologiyalari hamda raqamli infratuzilma sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi