Yapon kompaniyasi bilan Bo‘stonliqdagi qurilish loyihasini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Noyabr 16, 2026. 14:00 • 2 daq

• 222
Yapon kompaniyasi bilan Bo‘stonliqdagi qurilish loyihasini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

TOKIO, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Zoyir Mirzayev boshchiligidagi Toshkent viloyati delegatsiyasi “Sasaki Kasetsu Investment Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Morio Sasaki bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu yapon kompaniyasi qurilish-montaj ishlariga ixtisoslashgan. Ayni paytda u Bo‘stonliq tumanida umumiy qiymati 8,5 million dollar bo‘lgan turar joy va savdo majmuasini barpo etmoqda. Loyiha doirasidagi uchta turar joy majmuasidan ikkitasining qurilishi to‘liq yakunlangan, uchinchisida esa ishlar davom etmoqda.

Muzokaralarda loyihani belgilangan muddatda yakunlash, uni amalga oshirish jarayonidagi masalalarni hal etish va keyingi bosqichda investitsiyalar hajmini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq dam olish hududida mehmonxona yoki zamonaviy dam olish majmuasini qurish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu hududning turistik salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, kompaniya tajribasidan foydalangan holda, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida turar joy yoki tijorat obyektlarini barpo etish taklifi ilgari surildi.

Kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Yapon kompaniyasining balandlikda ishlash, maxsus qurilish uskunalari va hovuzlar o‘rnatish bo‘yicha tajribasiga tayanib, Angren shahrida mahalliy quruvchilar uchun o‘quv dasturini tashkil etish taklif qilindi.

Dastur doirasida mutaxassislar nazariy va amaliy jihatdan o‘qitilib, malakasi oshiriladi. Shuningdek, ular kelgusida viloyatdagi qurilish obyektlarida va Yaponiyada mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish