BAA kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta diagnostika markazi tashkil etish loyihasini taqdim qildi
May 12, 2026. 10:25 • 2 daq
• 162
ABU-DABI, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Umid Shodiyev ushbu davlatdagi nufuzli “Unison Capital Investment” kompaniyasi ijrochi direktori Tamer Akl bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Farg‘ona viloyatida DXSH asosida kompyuter tomografiyasi bo‘limlarini tashkil etish investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, kompaniya respublika bo‘ylab 100 ta to‘liq siklli diagnostika markazlarini tashkil etish rejalarini taqdim etdi. Ushbu markazlarda MSKT, MRT, rentgenografiya, gemodializ va laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Bu aholiga zamonaviy va sifatli tibbiy xizmatlarni yana-da kengroq yetkazish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida “Unison Capital Investment” rahbariyatining Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi, forum doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbarlari bilan mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga kelishib olindi.
Mazkur tashabbuslar hududlarda zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, aholi uchun yuqori texnologiyali diagnostika xizmatlarini arzon va qulay qilish hamda sog‘liqni saqlash sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Unison Capital Investment” – sog‘liqni saqlash va kapital talab qiladigan yo‘nalishlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan xususiy investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni boshqarish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, kompaniya mintaqa bo‘yicha birinchi bo‘lib BAA Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda DXSH modeli asosida tibbiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotgan xususiy tashkilotlardan biridir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Daniya kompaniyalari V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga katta qiziqish bildirmoqda



