BAA kompaniyasi O‘zbekistonning sanoat va ko‘chmas mulk loyihalariga qiziqish bildirdi
Iyun 09, 2026. 10:55 • 2 daq
• 154
ABU-DABI, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev BAAning “Haliburg Group” kompaniyasi bosh direktori Hani Saliba bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sarmoyaviy muhitni yaxshilash chora-tadbirlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, “Ombor kitobi” dasturi doirasida shakllantirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari va ularni amalga oshirish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Hani Saliba O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini yuqori baholab, mamlakatning xalqaro biznes uchun jozibadorligi ortib borayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, mehmonxona va turar joy majmualarini qurish va boshqarish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida tibbiyot va ta’lim muassasalarini barpo etish kabi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida kompaniya bosh direktori 16–18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishini hamda forum doirasida O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idora va ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
“Haliburg Group” kompaniyasi 2001-yili Dubayda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda ko‘chmas mulk, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, metall mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish va infratuzilmani rivojlantirish kabi sohalarda faoliyat yuritadi. Kompaniyaning Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida o‘z vakolatxonalari va hamkorlik tarmoqlari mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi