Turkiyadagi xalqaro festivalda o‘zbek madaniyati va sanʼati namoyish qilindi
May 27, 2026. 12:55 • 2 daq
• 137ALANYA, 27-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Alanya shahrida xalqaro do‘stlik, madaniy almashinuv va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anʼanaviy Alanya xalqaro madaniyat, sanʼat va turizm festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur festivalda O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa turkiy davlatlar, shuningdek, dunyoning qator mamlakatlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida har bir mamlakat uchun maxsus pavilyonlar ajratilib, ularda milliy taomlar, hunarmandchilik buyumlari va xalq amaliy sanʼati namunalarining ko‘rgazma-yarmarkalari tashkil etildi.
Festival doirasida Alanya munitsipaliteti rahbari o‘rinbosari Murat Kochak bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirish, shuningdek, Alanyada yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy-madaniy hayoti bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Madaniy tadbirda O‘zbekiston vakillari tomonidan maxsus tayyorlangan dastur namoyish etildi. Xususan, “Andijon polkasi” va “Xorazm lazgisi” raqslari ijro etildi. O‘zaro hurmat va do‘stlik ramzi sifatida O‘zbekiston fuqarolari nomidan Alanya munitsipaliteti rahbariga Xorazmning qadimiy milliy bosh kiyimi — cho‘girma sovg‘a qilindi.
Xalqaro festival doirasida elchixonaning konsullik bo‘limi xodimlari tomonidan Alanya shahrida doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul ham tashkil etildi.
Qabul davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan konsullik-huquqiy va shaxsiy masalalar yuzasidan fikr almashdi. Vatandoshlarimizning murojaat va savollari ko‘rib chiqilib, ularni qonuniy hal etish yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, fuqarolarga ularning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari O‘zbekiston davlat organlari hamda vakolatli tuzilmalari tomonidan hatto xorijda ham himoya qilinishi taʼkidlandi. O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari har qanday murakkab vaziyat yoki huquqiy muammolar yuzaga kelganda vatandoshlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatishga doimo tayyor ekani qayd etildi. Ayni paytda, Turkiyaning migratsiya qonunchiligi va mahalliy huquqiy meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
Tadbir yakunida yurtdoshlarimizning vatanparvarlik ruhini mustahkamlash hamda ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashriflari, davlatning izchil ichki va tashqi siyosati natijalari, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi yangilangan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida hikoya qiluvchi videomateriallar namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







