Tokioda O‘zbekiston va Qozog‘iston fotosuratlari namoyishi boshlandi
Iyun 08, 2026. 12:25 • 3 daq
• 326TOKIO, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Elchixona hamda Yaponiya Fotosuratlar jamiyati hamkorligida “JA Kyosai” anjumanlar zalida “Osiyo fotograflari: Markaziy Osiyo – O‘zbekiston va Qozog‘iston” fotosuratlar ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Tokio foto oyligi – 2026” doirasida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida Yaponiyaning yetakchi fotoindustriya namoyandalari, kompaniyalar, madaniyat va san’at sohasidagi tashkilotlar, diplomatlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
31-marotaba o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli xalqaro fotosuratlar ko‘rgazmasida O‘zbekistondan jami 8 nafar taniqli fotografning 40 dan ortiq asari namoyish qilinmoqda.
Fotoasarlar Tokioning uchta yirik san’at muassasasi – “Sony obrazlar galereyasi”, “Hanzamon muzeyi” va “Canon ochiq galereyasi”da taqdim etilmoqda. Namoyish qilinayotgan suratlarda O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, me’moriy yodgorliklari, betakror tabiat manzaralari va insonlar hayoti aks ettirilgan.
O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abduraxmonovning ko‘rgazma ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqani, ushbu tashrif madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etgani alohida qayd etildi.
Xususan, O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, boy tarix va qadimiy madaniyatga ega mamlakat sifatida asrlar davomida turli sivilizatsiyalar va madaniyatlarni bog‘lab kelgan. Shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, me’moriy yodgorliklari, betakror tabiat manzaralari va insonlar hayoti haqida bundan qariyb 170 yil avval ilk fotosuratlar yaratila boshlangani ham diqqatga sazovor ekani ta’kidlandi.
Ko‘rgazmalar davomida O‘zbekiston Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari, akademik Tursunali Qo‘ziyevning 2004-yilda nashr etilgan uch jildli “O‘zbek fotografiyasining 125 yilligi” antologiyasidan olingan arxiv fotomateriallari ham namoyish etiladi.
“Ushbu xalqaro ko‘rgazma fotosuratchilik an’anasini rivojlantirish va undan o‘zaro madaniy almashuvlarda foydalanish maqsadida 1995-yildan buyon o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston ko‘rgazmada 2005-yildan beri muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda. Mazkur tadbirda taqdim etilayotgan asarlar, ayniqsa, tarixiy mavzudagi fotosuratlar mamlakatning yaqin o‘tmishi, boy va qadimiy madaniyati bilan muxlislarni yaqindan tanishtiradi hamda ularning o‘zbek xalqi haqidagi tasavvurlarini kengaytiradi”, – dedi ko‘rgazma tashkiliy qo‘mitasi raisi Yoshikazu Aoki.
Mazkur ko‘rgazma fotografiya ixtiro qilinganining 200 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning doirasida qator rasmiy tadbir va uchrashuvlar o‘tkaziladi. Loyiha doirasida hamda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini nishonlash arafasida o‘zbek fotografiyasining badiiy va tarixiy merosining Tokioda namoyish etilishi alohida ramziy ahamiyatga ega.
“Yaponiyada O‘zbekiston fotosuratlarini taqdim etish biz uchun katta sharafdir. Bundan 20 yil muqaddam Tokioda “Osiyo fotosuratlari” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida ilk bor “O‘zbek fotosuratlari oyligi” tashkil etilgan edi. Shundan buyon o‘zbek ijodkorlari bilan samarali hamkorlik qilib kelayapmiz ”, – dedi ko‘rgazma prodyuseri Kiyoko Kamiya.
Ko‘rgazmaning “Canon”, “Nikon”, “Fujifilm”, “Sony” kabi jahon fotoindustriyasining yetakchi kompaniyalari bilan bog‘liq nufuzli galereyalarda o‘tkazilayotgani keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilishi shubhasiz.
Tokio shahrida o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazma joriy yilning 1-iyunidan 29-sentyabrigacha davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




