Chex matbuoti: O‘zbekiston–Chexiya munosabatlari tobora kengaymoqda
Iyun 09, 2026. 15:25 • 2 daq
• 158
PRAGA, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Chexiyadagi elchisi Dilshod Axatov Chexiyaning yetakchi iqtisodiy nashri “iTradeNews.cz”ga ikki davlat munosabatlarining bugungi holati, ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari haqida intervyu berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qonunchilik bazasini modernizatsiya qilish va ochiqlik siyosatini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Tashqi tahdidlarga qaramay, mamlakat iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 6–7 foiz darajasida barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda.
Intervyuda O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillari sifatida xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish qayd etilgan. Xususan, 2016-yilda mamlakatda 218 mingga yaqin kichik va o‘rta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 500 mingdan oshgan.
“2023-yilda O‘zbekiston va Chexiya hukumatlari o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi”, – dedi Dilshod Axatov.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiyot, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, turizm va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Iqtisodiy sohadagi hamkorlik bugungi kunda aniq natijalar bermoqda. 2025-yilda ikki tomonlama savdo hajmi 200 million AQSH dollaridan oshdi. Ayni paytda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 44 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 14 tasi to‘liq Chexiya kompaniyalari hisoblanadi.
Intervyuda Chexiya Bosh vazirining joriy yil 29–30-aprel kunlari 50 ga yaqin yetakchi chex kompaniyalari vakillari hamrohligida O‘zbekistonga tashrifi muvaffaqiyatli hamkorlikning amaliy namunasi sifatida qayd etildi. Ushbu tashrif an’anaviy eksport-import munosabatlaridan qo‘shma ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish va ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirishga jadal o‘tish jarayonini ko‘rsatdi.
Dilshod Axatov so‘zining yakunida yaqin 10–20 yil ichida inson kapitali, ta’lim aloqalari va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston–Chexiya munosabatlarining savdo, investitsiya va iqtisodiy yo‘nalishlari kabi muhim va samarali tarmoqlaridan biriga aylanishini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi