“Eurasia Magazine”: Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li mintaqaviy savdoni yangi bosqichga chiqarmoqda

May 24, 2026. 13:55 • 2 daq

78
“Eurasia Magazine”: Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li mintaqaviy savdoni yangi bosqichga chiqarmoqda

BUDAPESHT, 24-may. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Eurasia Magazine” jurnalida “Turkiy makonning tranzit salohiyati: integratsiyalashayotgan iqtisodiyot va yangi logistik yechimlar” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada XXI asrda global iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim geoiqtisodiy mintaqada joylashgan Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi transport hamkorligining strategik ahamiyatini yana-da oshirayotgani taʼkidlangan.

Qayd etilishicha, TDT davlatlari O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan hisoblanib, 2023-yilda ular bilan yuk tashish hajmi 17,5 million tonnani (mamlakat eksport-import tashuvlarining qariyb 38 foizini) tashkil etgan

Nashr Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga bilan integratsiya qilish tashabbusi TDTga aʼzo davlatlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanganiga alohida eʼtibor qaratgan.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li yuk tashish masofasini 900 kilometrga, yetkazib berish vaqtini esa 7-8 kunga qisqartirib, Sharq bilan G‘arbni bog‘lovchi eng qisqa yo‘lga aylandi.

Jurnalda yozilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z yuklarini Boku porti orqali Markaziy yo‘lak bo‘ylab tashish hajmini 1,2 million tonnadan yaqin istiqbolda 1,5 million tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Buning uchun TDT doirasida infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va bojxona tariflarini optimallashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda global taʼminot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirishda tashkilotga aʼzo davlatlarning mavqei sezilarli darajada mustahkamlanib bormoqda.

Maqola xulosasida TDT makonida logistika jarayonlarini raqamlashtirish borasidagi loyihalarga yuqori baho berilgan. Xususan, aʼzo davlatlar o‘rtasida ruxsatnomalar almashishning elektron tizimi hamda Ozarbayjon bilan “e-TIR” tizimi yo‘lga qo‘yilgani, “raqamli bojxona yo‘lagi” kabi innovatsion yechimlarning joriy etilishi turkiy davlatlar o‘rtasida yagona transport makonini yaratish va ularning Yevroosiyo tizimidagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotgani eʼtirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish