“Pakistan In the World”: O‘zbekiston TDTga aʼzo bo‘lgandan buyon 100dan ortiq muhim tashabbusni ilgari surdi
May 18, 2026. 11:25 • 3 daq
• 180
ISLOMOBOD, 18-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan In the World” gazetasida “O‘zbekiston va TDT: investitsiyaviy hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalari va ustuvor loyihalar” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“2019-yilda O‘zbekiston Naxichevan kelishuvini ratifikatsiya qilib, rasman Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) to‘laqonli aʼzo bo‘ldi. O‘zbekiston mazkur tuzilmaga qo‘shilganidan buyon 116 ta aniq tashabbusni ilgari surdi, ularning yarmidan ko‘pi allaqachon muvaffaqiyatli amalga oshirildi”, – deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishning iqtisodiy samarasi raqamlarda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda: 2025-yil yakunlariga ko‘ra, TDT davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,6 foizga oshib, 10,8 milliard dollarni tashkil etdi. Investitsiyaviy hamkorlik ham barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. 2026 yil boshiga kelib, tashkilotga aʼzo davlatlar kapitali ishtirokidagi 4 352 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
“Turkiya O‘zbekistonning strategik hamkori hisoblanadi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2017-yilda rasman strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgan, – deya taʼkidlangan materialda. – Qozog‘iston Tashkilot doirasida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori sifatida namoyon bo‘lmoqda. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 11,4 foizga o‘sib, qariyb 5 milliard dollarga yetdi. Respublikada qozoq kapitali ishtirokidagi 1 212 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”.
Pokiston OAV taʼkidiga ko‘ra, O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan iqtisodiy munosabatlar dinamikasi tovar ayirboshlashning eng yuqori o‘sish surʼatlari bilan ajralib turibdi. 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 37,1 foizga oshib, 1,199 milliard dollarga yetdi. Tomonlar har tomonlama strategik sheriklik formatiga asos soldilar, bu esa qo‘shma korxonalar sonining 346 tagacha ko‘payishiga xizmat qildi.
Maqolada O‘zbekistonning TDT doirasida Ozarbayjon bilan hamkorligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Qayd etilganidek, 2024-yilda ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi fundamental shartnoma imzolanib, ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini ochdi. 2025-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 14,6 foizga oshib, 307,3 million dollarni tashkil qildi. Investitsiya sohasida ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 367 ta korxona faol faoliyat yuritmoqda. Logistika sohasidagi sheriklik ham mustahkamlanmoqda: 2025-yilda yuk tashishning umumiy hajmi 28,3 foizga oshdi, poytaxtlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar esa haftasiga 14 ta reys bilan taʼminlanmoqda.
Turkmaniston tashkilot faoliyatida kuzatuvchi maqomida ishtirok etsa-da, muhim hamkorlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,203 milliard dollarga yetdi. Shavat–Dashog‘uz chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi tovar almashinuvini soddalashtirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.
Vengriya ham kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, O‘zbekiston bilan yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. 2025-yilda o‘zaro savdo hajmi 41,7 foizga oshib, 117,4 million dollarni tashkil qildi. Respublikada vengr kapitali ishtirokidagi 20 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, ular tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar katta ko‘lamga ega.
“Tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va iqtisodiy ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sishi O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘z milliy manfaatlarini ilgari surishning samarali mexanizmini topganini tasdiqlamoqda”, – deb yozilgan maqola so‘nggida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“The Diplomat”: JCH–2026 da ishtirok etish o‘zbek futboli uchun “oltin davr”ni boshlab berishi mumkin

O‘zbekiston–Germaniya o‘rtasida kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi


