Novgorod davlat universiteti talabalari O‘zbekistonda amaliyot o‘tash imkoniga ega bo‘ladi

May 24, 2026. 10:00 • 2 daq

146
Novgorod davlat universiteti talabalari O‘zbekistonda amaliyot o‘tash imkoniga ega bo‘ladi

MOSKVA, 24-may. /“Dunyo” AA/. Novgorod davlat universiteti talabalari kelgusida O‘zbekistonda amaliyot o‘tash va sun’iy intellekt yo‘nalishida startaplar rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Universitet saytida ma’lum qilinishicha, “Valday” innovatsion ilmiy-texnologik markazida NovDU birinchi prorektori Yuriy Daneykin va “School 21 Uzbekistan” ta’lim muassasasi ijrochi direktori Zarina Luxmanova o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Kelishuvga muvofiq, NovDU talabalari xalqaro xakatonlarda ishtirok etish, O‘zbekistonda amaliyot o‘tash, neyron tarmoqlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish va IT-startaplarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yuriy Daneykinning ta’kidlashicha, “School 21 Uzbekistan” bilan hamkorlik yuqori malakali IT mutaxassislarini tayyorlash va ikki mamlakatning yuqori texnologiyali tarmoqlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Nashrda qayd etilishicha, hamkorlik dasturi besh yilga mo‘ljallangan. Shu davr mobaynida tomonlar sun’iy intellekt sohasida qo‘shma ta’lim modullari, raqamli mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlari, talabalar almashinuvi va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, qo‘shma xakatonlar, seminarlar va IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari ham amalga oshiriladi.

Zarina Luxmanovaning fikricha, bugungi kunda O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Uning aytishicha, qo‘shma loyihalar har ikki mamlakatda raqamli kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

“Bugun biz katta tarixning boshlanishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Hamkorligimiz uchta asosiy yo‘nalishga tayanadi: Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va inson kapitalini rivojlantirish”, — dedi Zarina Luxmanova.

Maqolada ta’kidlanishicha, bitim imzolanishi bilan hamkorlik bo‘yicha keng qamrovli “Yo‘l xaritasi” ishga tushirildi. Yaqin vaqt ichida tomonlar birinchi pilot ta’lim guruhlarini shakllantirish va qo‘shma xakatonlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun maxsus ishchi guruhlar tuzadi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish