Turkiyalik taniqli jurnalist O‘zbekistonga tashrifi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi
Iyun 09, 2026. 14:25 • 2 daq
• 53
ANQARA, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi gazetalaridan biri “Sabah”da taniqli jurnalist Yavuz Donatning O‘zbekistonga tashrifi va Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Turkiya media-forumidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif mamlakatimizga tashrifi davomida olgan taassurotlari haqida o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, madaniy qardoshlik va jadal rivojlanayotgan munosabatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jurnalist Turkiya delegatsiyasiga Toshkentda ko‘rsatilgan hurmat va e’tiborni alohida ta’kidlab, O‘zbekistondagi ilk daqiqalardanoq his qilgan mehmondo‘stlik va samimiy birodarlik muhitini e’tirof etdi.
Maqolada O‘zbekiston va Turkiyani umumiy tarixiy ildizlar, madaniy qadriyatlar, til yaqinligi va ma’naviy meros birlashtirishi ma’lum qilingan. Yavuz Donatning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab o‘zbekistonliklar, jumladan, turk teleseriallarining mashhurligi tufayli turk tilida erkin so‘zlashadi.
Muallif Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Turkiya media-forumi haqida gapirib, uning ikki mamlakat media hamjamiyati vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi. Xususan, materialda Turkiya Global Jurnalistlar Kengashi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berilgan.
Turkiyalik jurnalist tashrif davomida universitet o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashib, ularning zamonaviy Turkiya haqidagi qarashlari bilan tanishdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlari Turkiya madaniyati, tarixi va ta’limiga katta qiziqish bildirmoqda, Istanbul esa o‘zbekistonlik talabalar uchun eng jozibador xorijiy shaharlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, nashrda O‘zbekiston aholisi 2023-yil fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalar oqibatlariga samimiy hamdardlik bildirgani qayd etilgan. Muallif ushbu fojia o‘zbekistonliklar qalbida chuqur aks-sado bergani va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam gumanitar aloqalarning yana bir dalili bo‘lganini ta’kidlaydi.
Yavuz Donat maqola yakunida Samarqand, Buxoro va mamlakatning boshqa qadimiy shaharlariga tashrif buyurib, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishishni davom ettirish rejalari haqida gapirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi