O‘zbekiston tarix, madaniyat va biznes imkoniyatlari bilan polyaklarni o‘ziga jalb etmoqda
Iyun 09, 2026. 12:25 • 3 daq
• 98
VARSHAVA, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Głos Miasta” portalida polshalik sayyohlarning O‘zbekistonga qilgan sayohatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif Rafal Remontning yozishicha, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston polshalik sayohatchilar uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanib bormoqda. Buyuk Ipak yo‘lining boy merosi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar, ulardagi me’moriy yodgorliklar, mamlakatning milliy madaniyati va an’analari hech bir sayyohni befarq qoldirmaydi.
Ilgari polyaklar ko‘proq Tailand yoki Filippin kabi tropik mamlakatlarni tanlagan bo‘lsa, bugun ularning diqqat markazida Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar turibdi. Bu qiziqishning asosiy sababi nafaqat sayyohlik imkoniyatlari, balki mamlakatning boy tarixi, madaniy merosi va biznes salohiyati bilan ham bog‘liqdir.
Polyak sayyohlarini O‘zbekistonga jalb qilayotgan eng muhim omillardan biri – bu yerda hali ham haqiqiy kashfiyot hissini tuyish mumkinligidir. Ommaviy turizm markazlariga aylangan ko‘plab mamlakatlarda sayyoh o‘zini minglab boshqa mehmonlar orasida his qiladi. O‘zbekiston esa mehmonlarga tarix bilan yuzma-yuz uchrashish, mahalliy aholi bilan samimiy muloqot qilish va Sharqning betakror muhitini his etish imkonini beradi.
Samarqanddagi Registon maydoni, Buxorodagi Poi Kalon majmuasi va Xivadagi Ichan-Qal’a kabi obidalar nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning madaniy ramzlariga aylangan. Bu shaharlar orqali o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan. Bugun ham mazkur meros sayyohlarni o‘ziga maftun etmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning haqiqiy qiyofasi mashhur turistik marshrutlardan tashqari hududlarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Nurota tog‘lari qishloqlari, Aydarko‘l atrofidagi o‘tov lagerlari, Qizilqum cho‘lidagi qadimiy karvonsaroylar va Qoraqalpog‘istondagi Orol dengizi fojiasi izlari mamlakatning boshqa, kam tanilgan qirralarini ochib beradi. Bunday maskanlarda mehmonlar mahalliy hayot tarzi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nashrda ta’kidlanishicha, polyaklarning O‘zbekistonga qiziqishini oshirayotgan yana bir muhim omil – sayohat xarajatlarining nisbatan arzonligidir. Yevropa mamlakatlariga nisbatan mehmonxona, ovqatlanish va ichki transport xizmatlari ancha qulay narxlarda taklif etiladi. Shu sababli, ko‘plab mustaqil sayyohlar o‘z marshrutlarini o‘zlari rejalashtirib, mamlakat bo‘ylab erkin sayohat qilishni afzal ko‘rishmoqda.
Biroq O‘zbekistonga kelayotgan barcha mehmonlar ham faqat sayyoh emas. Keyingi yillarda mamlakatning biznes muhiti ham xorijliklar diqqatini tortmoqda. Ayniqsa, Polsha tadbirkorlari agrosanoat, qurilish, ta’lim, logistika, to‘qimachilik va axborot texnologiyalari sohalarida katta imkoniyatlarni ko‘rmoqda. O‘zbekistonning yosh aholisi, iqtisodiy islohotlari va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari uni mintaqadagi istiqbolli hamkorlardan biriga aylantirmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bozoriga kirishda shaxsiy munosabatlar muhim o‘rin tutadi. Ko‘pincha hamkorlik muzokaralari rasmiy uchrashuvlardan emas, balki choy ustidagi samimiy suhbatlardan boshlanadi. Shu jihatdan, mamlakat sayyohlik va biznes manfaatlarini birlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Maqola xulosasida O‘zbekistonning nafaqat tarix va madaniyatga qiziquvchi sayyohlar, balki yangi imkoniyatlar izlayotgan tadbirkorlar uchun ham jozibador manzilga aylanib borayotgani e’tirof etilgan. Buyuk Ipak yo‘li merosi, mehmondo‘st xalq, boy madaniy muhit va o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyat mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi