Ukraina matbuoti: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim transport va logistika markaziga aylanmoqda

Iyun 09, 2026. 10:25 • 3 daq

143
Ukraina matbuoti: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim transport va logistika markaziga aylanmoqda

KIEV, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “Open4business” va “Fixygen” axborot portallarida yurtimizda transport, logistika va tranzit yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda ta’kidlanishicha, eng muhim loyihalardan biri “Toshkent – Samarqand” muqobil avtomobil magistralini qurish hisoblanadi. Uzunligi 282 kilometr bo‘lgan yangi trassa Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududidan o‘tadi. Sement-beton qoplamali va olti tasmali birinchi toifali mazkur yo‘lda soatiga 150 kilometrgacha tezlikda harakatlanish imkoniyati yaratiladi.

Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich, 60 ta tunnel yo‘lagi va 250 dan ortiq drenaj inshootini qurish nazarda tutilgan. Shuningdek, intellektual transport tizimini joriy etish, terminallar, yo‘l bo‘yi servis obyektlari hamda og‘irlik nazorati shoxobchalarini barpo etish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, aviatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Ayni paytda yettita xalqaro aeroport rekonstruksiya qilinmoqda. So‘nggi yillarda Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo va So‘x tumanlarida yangi havo gavanlari foydalanishga topshirildi. Natijada mamlakatdagi aeroportlarning umumiy soni 18 taga yetdi.

Navoiy xalqaro aeroportini yirik logistika markazi sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2030-yilga borib bu yerdagi reyslar sonini 2,3 barobarga oshirib, yiliga 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Yo‘lovchi tashish hajmini yiliga 150 ming kishiga, yuk tashish hajmini esa 45 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlarini ko‘rsatish uchun “porto-franko” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

“Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasi ustida ham ishlar davom etmoqda. Yangi aviatsiya majmuasi yiliga 20 milliongacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyiha 208 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallaydigan terminal, har birining uzunligi to‘rt kilometr bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi hamda havo kemalari uchun 169 ta to‘xtash joyini qurishni o‘z ichiga oladi.

Fuqaro aviatsiyasini aviatsiya yoqilg‘isi bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. 2030-yilga borib aviakerosin ishlab chiqarish hajmini yiliga 600 ming tonnaga yetkazish, uni saqlash quvvatlarini esa 49 ming tonnadan 80 ming tonnaga oshirish rejalashtirilgan. Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent aeroportlarida yangi yoqilg‘i majmualari barpo etiladi.

Bundan tashqari, havo kemalarini saqlash va ularga yoqilg‘i quyishda xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich o‘tish, yoqilg‘i infratuzilmasini boshqarishni raqamlashtirish hamda texnologik talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish