“Wild Frontiers”: Marg‘ilon shahri O‘zbekistonning ipakchilik bo‘yicha poytaxti sanaladi

Sentabr 09, 2026. 16:30 • 2 daq

112
“Wild Frontiers”: Marg‘ilon shahri O‘zbekistonning ipakchilik bo‘yicha poytaxti sanaladi

LONDON, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “Wild Frontiers” sayyohlik kompaniyasi portalida Farg‘ona vodiysining anʼanaviy hunarmandchiligi, ipakchilik va kulolchiligiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Marg‘ilon shahri O‘zbekistonning ipakchilik bo‘yicha poytaxti sanaladi. Mahalliy ustaxonalarda ipak qurtini yetishtirish va pillaga ishlov berishdan tortib, uni bo‘yash hamda to‘qishgacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonini bevosita kuzatish mumkin.

Maʼlumotlarga ko‘ra, matolarni oldindan bog‘lab bo‘yashning anʼanaviy usullari murakkab va yorqin naqshlar hosil qilish imkonini beradi. Ustalar matoni bo‘yashdan oldin uni ehtiyotkorlik bilan taxlaydi va bog‘laydi. Bu jarayonda bo‘yoq harorati ham qatʼiy hisobga olinadi.

Hunarmandchilik sanʼatining yana bir muhim markazi sifatida Rishton eʼtirof etilgan. Bu yerda yasaladigan hunarmandchilik mahsulotlari o‘ziga xos ko‘k, yashil va feruza rangli keramikasi bilan jahonga mashhur.

Rishton hunarmandchiligida qo‘lda ishlangan naqshlarga alohida eʼtibor beriladi. Rassomlar murakkab gulli va geometrik naqshlarni baʼzi ustalar hayvonlar junidan mustaqil ravishda tayyorlaydigan mo‘yqalamlar yordamida chizadi. Shu bois ham bu hunarmandchilikda ikkita mutlaqo bir xil mahsulotni uchratish amri mahol.

Nashrda qayd etilishicha, Marg‘ilon va Rishton ustaxonalari nafaqat hunarmandchilikni namoyish etuvchi joylar, balki qadimiy ko‘nikmalar kundalik hayotning ajralmas qismi bo‘lib qolyotgan haqiqiy ijod maskanlaridir.

Sayyohlar buyumlarni bevosita ustalarning o‘zidan sotib olishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, anʼanaviy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash va saqlab qolishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish