Bahromjon A’loyev: Global noaniqlik kuchayib borayotgan sharoitda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega
Iyun 04, 2026. 14:25 • 3 daq
• 32
TOSHKЕNT, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik, barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashkilotchilar – O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi, hamkor – Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK).
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev so‘zga chiqdi. U global noaniqlik kuchayib, geosiyosiy raqobat keskinlashib, transport-logistika yo‘nalishlari o‘zgarib, iqlim xatarlari ortib borayotgan sharoitda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash alohida dolzarblik kasb etayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki mintaqa qulay jug‘rofiy joylashuvi, tez o‘sayotgan bozorlari, boy tabiiy resurslari va inson kapitali tufayli Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan makonlaridan biriga aylanish uchun katta imkoniyatga ega.
Bahromjon A’loyev mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi umumiy tamoyillarni muhokama qilishdan qo‘shma tashabbuslarni amaliy ro‘yobga chiqarishga o‘tish bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Shu munosabat bilan u savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish, savdo tartib-taomillarini raqamlashtirish va yangi tranzit yo‘laklarini shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Nutqda energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat berildi. TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari ta’kidlaganidek, TAPI va CASA-1000 loyihalari, Markaziy Osiyoning umumiy energetika bozorini yaratish hamda yangi transchegaraviy elektr uzatish tarmoqlarini qurish mintaqani Yevroosiyoning asosiy energetika markazlaridan biriga aylantirishga qodir.
Bundan tashqari, Bahromjon A’loyev suv resurslari tanqisligi, yerlar degradatsiyasi va ekstremal tabiat hodisalari sonining ortishi bilan bog‘liq iqlimiy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi. Shuningdek, ta’lim va ilmiy almashinuvlarni rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, turizm va madaniy muloqot ustuvor yo‘nalishlar sifatida tilga olindi.
Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda Afg‘onistonning o‘rniga alohida urg‘u berildi.
“Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish, transport aloqalarini kengaytirish va uning mintaqaviy loyihalardagi ishtiroki Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlar manfaatlariga mos keladi”, – dedi Bahromjon A’loyev.
U barqaror va tinchlik yo‘lida rivojlanayotgan Afg‘oniston butun mintaqa xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishning muhim omiliga aylanishini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi boshlandi

Samarqandda IHTning atrof-muhit bo‘yicha oltinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi bo‘yicha Samarqand bayonoti imzolandi

