Ukraina OAV: O‘zbekistonda musiqa anʼanalari oilalarda avloddan avlodga meros qoladi
May 24, 2026. 10:55 • 2 daq
• 94
KIYEV, 24-may. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnalida “Ipak yo‘li anʼanalari: O‘zbekiston musiqasi va hunarmandchiligi haqida” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, nufuzli “Euronews” xalqaro axborot portali O‘zbekistonning anʼanaviy musiqiy merosini asrab-avaylash va rivojlantirish, milliy cholg‘u asboblarining mamlakat madaniy hayotidagi o‘rni xususida maxsus material tayyorlagan. Nashr tarixiy Ipak yo‘li bo‘ylab saqlanib qolgan hunarmandchilik anʼanalari, og‘zaki ijrochilik sanʼati va avlodlar vorisligiga alohida eʼtibor qaratgan.
Materialda qayd etilishicha, O‘zbekistonning turli hududlarida musiqa anʼanalari ustoz-shogird maktablari, ijrochilar va taʼlim tashabbuslari tufayli izchil rivojlanmoqda. Xususan, Andijonda anʼanaviy cholg‘u asboblarini yasash sanʼatini qayta tiklashga katta urg‘u berilmoqda.
Ushbu sanʼatning jonkuyar vakillaridan biri – yarim asrdan ortiq vaqt davomida dutor, tanbur, g‘ijjak va boshqa milliy cholg‘ularni yasab kelayotgan usta Abdumalik Madraimovdir. Uning ustaxonasi nafaqat ishlab chiqarish markazi, balki Temuriylar davriga oid tarixiy cholg‘u namunalari qayta tiklanadigan va yoshlarga hunarmandchilik sirlari o‘rgatiladigan o‘ziga xos mahorat maskani hisoblanadi.
Qoraqalpog‘istonda esa musiqa cholg‘ularini, xususan, qobizni qo‘lda yasashning noyob anʼanalari davom etmoqda. Hunarmandlar faqat tabiiy materiallar va anʼanaviy texnologiyalardan foydalanadi, bu boradagi tajriba esa oilalarda sulolaviy tarzda meros qoldiriladi.
“Kyiv Diplomatic” O‘zbekistonning anʼanaviy musiqiy cholg‘ulari tarixiy meros, ijrochilik sanʼati va milliy o‘zlikni mujassam etgan holda mamlakatning zamonaviy madaniy hayotining ajralmas va muhim qismi bo‘lib qolayotganini ham alohida yoritgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




