Logo

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida Ramazon oyini keng nishonlamoqda

57
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida Ramazon oyini keng nishonlamoqda
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida Ramazon oyini keng nishonlamoqda
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida Ramazon oyini keng nishonlamoqda

KRASNOYARSK, 12-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan vatandoshlarimiz uchun iftor tashkillashtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Krasnoyarsk o‘lkasi hukumati Jamoatchilik aloqalari boshqarmasi vakillari, Krasnoyarsk shahrida tahsil olayotgan talabalarimiz, xotin-qizlarimiz hamda turli korxonalar, qurilish obyektlari va ovqatlanish joylarida ishlayotgan 400 nafardan ziyod fuqarolarimiz ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov tadbirni ochib, vatandoshlarimizni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy tabrikladi va yurtdoshlarimiz o‘z Vatanidan uzoqda bo‘lsa ham, hamjihatlik va Mustaqillik g‘oyalariga sadoqat namunasini ko‘rsatayotganligini taʼkidladi.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilganligi va iftorlikning o‘tkazilishi - mamlakatimiz rahbariyati tomonidan xorijda yashovchi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlash, milliy anʼanalarni saqlash va o‘zbek diasporasining hamjihatligini rivojlantirishga qaratilgan izchil siyosatining yana bir tasdig‘i ekanligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, fuqarolarimizga davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalik muhitini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash siyosati, shuningdek, mamlakatimizda “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida ehtiyojmand oilalar va muhtoj shaxslarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, Krasnoyarsk o‘lkasida vatandoshlarimizning huquq

va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun fuqarolarimiz va Bosh konsulxona o‘rtasida doimiy aloqada bo‘lib turish muhimligi taʼkidlandi.

Krasnoyarsk o‘lkasi hududiy o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari Saidmurod Xoljigitov o‘z nutqida Krasnoyarskdagi barcha vatandoshlarimiz nomidan O‘zbekiston Prezidentiga o‘z Vatanidan uzoqda bo‘lgan har bir yurtdoshimizga ko‘rsatayotgan alohida eʼtibori uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Fuqarolarimiz Bosh konsulning Krasnoyarsk o‘lkasida muntazam ravishda o‘tkazilayotgan konsullik qabullari orqali O‘zbekiston bilan doimo uzviy bog‘liqlikni doim his qilishlarini taʼkidladi.

Yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Prezidentiga chinakam otalik g‘amxo‘rligi va muqaddas Ramazon oyini Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun yaratib berilgan sharoitlar uchun samimiy minnatdorchilik bildirdilar.

Iftorda Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, yig‘ilganlar ona yurtimiz O‘zbekistonga farovonlik va davlatimiz rahbariga uzoq umr so‘rab duoga qo‘l ochdilar.

Saidmurod Xoljigitov, Krasnoyarsk o‘lkasi hududiy o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari:

- O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan birinchi marotaba o‘tkazilgan bugungi iftor - o‘zgacha, ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Krasnoyarskdagi o‘zbek diasporasi hayotida juda muhim voqea bo‘lib, hamyurtlarimizda Vatanimizga bo‘lgan yana-da ko‘proq muhabbatini uyg‘otadi va barcha fikrlarimiz va tuyg‘ularimizni xalqimiz va Prezidentimiz atrofida birlashtiradi.

Muxammadali Xadjiyev, xususiy tadbirkor:

- Ko‘plab do‘stlarim kabi, men ham Krasnoyarskda ishlayman. Ushbu shaharda iftorga birinchi marta fuqarolarimizning ko‘p qismi yig‘ildi.

Bu chinakam ahamiyatli voqea bo‘lib, Davlatimiz Rahbarining xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining hayotiga qaratayotgan ulkan eʼtiborining yana bir dalilidir.

Vatanimiz osmoni doimo musaffo bo‘lsin!

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish