O‘zbekiston Prezidenti raisligida sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi

Avgust 14, 2026. 16:45 • 4 daq

78
O‘zbekiston Prezidenti raisligida sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi

TOSHKENT, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, muloqotda sudlar faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdimot qilindi.

So‘nggi yillarda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, aholi murojaatlari va sud amaliyoti tahlili tizimda yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Shu munosabat bilan islohotlar natijasi, avvalo, fuqaroning sudga ortiqcha ovoragarchiliksiz murojaat qilishi, buzilgan huquqi o‘z vaqtida tiklanishi va qabul qilingan qarorning adolatli ekaniga ishonch hosil qilishida namoyon bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Odil sudlov – 2030” strategiyasi aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan. Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish bo‘yicha 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.

Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.

Kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi ko‘proq tushadigan sudlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar ekanligini inobatga olib, ularni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida 2030-yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida taʼminlanadi.

Sudga berilgan ariza boshqa sudga tegishli bo‘lsa, u fuqaroga qaytarilmaydi, sudning o‘zi uni tegishli sudga yuboradi. Arizada juzʼiy kamchilik aniqlangan taqdirda sud uni bartaraf etishda fuqaroga faol ko‘maklashadi.

Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yadi.

Inson erki – oliy qadriyat ekanligidan kelib chiqib, tergov, surishtiruv bosqichida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish uchun “asosli gumon” (prima facie) standarti joriy etiladi. Tergov sudyasi sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirish va zarur qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa shaxsning erkinligi asossiz cheklanishining oldini oladi.

Yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq “Pretsedentlar reyestri” yuritiladi.

Sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun 2028-yildan “sud maʼmurchiligi” instituti joriy etiladi.

“Raqamli sud” konsepsiyasi barcha sudlarda to‘laqonli ishga tushirilib, my.sud.uz portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda berish, sud majlislarining 100 foizini audioyozuv orqali qayd etish va Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilarining sonini kamida 5 baravar oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan maʼmuriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritishni qamrab olish, “xalq vakillari hayʼati” ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari sonini kamida 3 taga yetkazish maqsad qilingan.

Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi namunasi ham ko‘rib chiqildi. Bu fuqarolarga sud xodimlarini oson tanib olish, ularning kasbiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yana-da takomillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sud mustaqilligini mustahkamlash hamda tizimdagi kadrlarning xorijda malakasini oshirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari strategiya loyihasini maʼqullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish