O‘zbekiston Prezidenti Toskana viloyati gubernatorini qabul qildi

Iyul 14, 2026. 15:20 • 2 daq

8
O‘zbekiston Prezidenti Toskana viloyati gubernatorini qabul qildi

TOSHKENT, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston – Italiya strategik sherikligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yana-da rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Barcha darajalarda ikki tomonlama muloqotlar faollashgani va hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 25 foizga oshdi. O‘zbekistonda metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Toskanani ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalar bog‘lab turishi taʼkidlandi. Buyuk ipak yo‘li davrida Florensiya bilan O‘zbekistonning qadimiy shaharlari o‘rtasida faol savdo-sotiq qilingan, florensiyalik savdogar va diplomatlar esa Amir Temur saroyida qabul qilingan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida Piza universitetining filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda mazkur filial mehnat bozoriga ilk bitiruvchilarni chiqaradi. Prato shahrida mamlakatimizning to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi ishlamoqda. 2024-yilda Florensiyadagi Uffitsi galereyasida yurtimizning avangard sanʼati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish hamda taʼlim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida sheriklik aloqalarining rivojlanayotgani hamda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani yuksak baholandi.

Uchrashuv yakunida Toskana bilan mamlakatimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Toskana Italiyaning eng iqtisodiy rivojlangan hududlari qatoriga kiradi va kuchli sanoat salohiyati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, jahonga mashhur vinochilik hamda turizm tarmog‘iga ega.

Viloyatning maʼmuriy markazi – Florensiya esa jahon madaniyati, ilm-fani va sanʼati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Uyg‘onish davrining umumeʼtirof etilgan “beshigi” hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish