O‘zbekiston Prezidenti bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlikning borishini ko‘rib chiqdi

Iyun 09, 2026. 19:14 • 3 daq

15
O‘zbekiston Prezidenti bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlikning borishini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevga navbatdagi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik yuzasidan axborot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu forum mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatini keng namoyon etish, xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni shakllantirish va ilgari surish uchun muhim xalqaro maydonga aylangan.

2022-yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda 56 mamlakatdan 1 mingdan ziyod xorijiy mehmon ishtirok etgan edi. Bu yil 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor.

Taqdimotda forum va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berildi. Xususan, yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini namoyish etish ko‘rgazmasida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari tarmoqlarining imkoniyatlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Forum doirasida Prezidentimiz huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimizda investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, sanoat-texnologik va innovasion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.

Joriy yilgi forumda ham investitsiya kelishuvlarining yirik to‘plamini imzolash rejalashtirilgan. Hozirda yangi loyihalarni shakllantirish ishlari jadal ketmoqda.

Ishlab chiqilayotgan kelishuvlar kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, yengil sanoat, elektrotexnika va mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, energetika va ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va infratuzilma, bank-moliya, transport-logistika, turizm hamda ta’lim kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari forumni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini aniq loyihalar orqali namoyon etish muhimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga xorijiy mehmonlarni kutib olish, tadbirlar dasturini puxta tashkil qilish, imzolanadigan kelishuvlarning aniq ijro mexanizmlarini belgilash va forumdan keyin ularni tizimli monitoring qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish