O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

Noyabr 18, 2026. 09:30 • 2 daq

• 135
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

KUALA-LUMPUR, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda O‘zbekiston va Malayziya turoperatorlarining B2B formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Butunjahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdul Karim Hadayd, “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati va mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. U musulmon davlatlari, jumladan, Malayziyadan keladigan ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.

Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va sayyohlar oqimi oshib borayotganini ta’kidladilar. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish uchun Malayziya fuqarolariga vizasiz rejim amal qilmoqda, “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga yetti marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Malayziyada “ziyorat turizmi”, “madaniy turizm” va “qishki turizm” turpaketlarini keng sotish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish