Germaniyada namoyish qilingan o‘zbek milliy merosi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi

Iyun 09, 2026. 18:55 • 2 daq

13

RЕDA-VIDЕNBRYUK, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyada an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Millatlararo madaniyat kuni doirasida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari va boy tarixiy-madaniy merosi taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Reda-Videnbryuk shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda o‘zbek delegatsiyasining ishtiroki yuqori baholandi. Bu kabi madaniy tadbirlar mahalliy aholi uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Taqdimotlarda mehmonlarga Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi qadimiy shaharlarning go‘zalligi, Buyuk Ipak yo‘li tarixi hamda mamlakatimizda sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Maxsus tayyorlangan tarqatma materiallar va bukletlar xorijliklarda O‘zbekistonga sayohat qilish ishtiyoqini yanada oshirdi.

Madaniy dastur davomida tadbir ishtirokchilari o‘zbek milliy oshxonasining shoh taomi – o‘zbek palovidan tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari asosida tortiq etilgan taomlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, bayram sahnasida namoyish etilgan jozibali o‘zbek milliy raqslari tadbirga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi. Milliy liboslardagi raqqosalarning chiqishlari xorijlik tomoshabinlar tomonidan uzoq va davomli qarsaklar bilan kutib olindi.

Bo‘lib o‘tgan madaniy festival nemis jamoatchiligini yurtimizning qadimiy tarixi va boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga hamda ularda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada yuksaltirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish