O‘zbekiston va Pokiston Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ko‘p qismli tarixiy badiiy film suratga olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Iyun 09, 2026. 18:25 • 2 daq

49
O‘zbekiston va Pokiston Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ko‘p qismli tarixiy badiiy film suratga olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

ISLOMOBOD, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tarar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida shu yil fevral oyida Islomobod shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Axborot almashish, televideniye, ommaviy kommunikatsiyalar va media sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, birgalikda filmlar suratga olish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan ko‘p qismli tarixiy badiiy film suratga olish, Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekistonga maxsus press-tur tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Qo‘shma teleloyihalar, videoroliklar va maxsus reportajlar tayyorlash, ikki davlat OAV vakillari ishtirokida malaka oshirish kurslari, treninglar va media-forumlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Vazir Ataulla Tarar shu yilning 5–6-fevral kunlari O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi sermahsul bo‘lgani, mazkur tashrif strategik hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirishda muhim bosqich bo‘lganini ta’kidladi.

“Bosh vazir Shahboz Sharifning O‘zbekistonga hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan tashriflariga bag‘ishlangan maxsus hujjatli film yaratish ustida ishlayapmiz. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qisqa metrajli film yaratishda hamkorlik qilishga tayyormiz. Film Boburning bolalik davri, ushbu mintaqaga kelishi va o‘z imperiyasiga asos solishi haqida bo‘ladi”, – dedi federal vazir.

Tomonlar Bobur faoliyatiga bag‘ishlangan filmni hamkorlikda yaratish ishlarini boshlash maqsadida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi hamda Pokiston Axborot va radioeshittirish federal vazirligi mutasaddilari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib oldi.

O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyati haqida turkum materiallar tayyorlash maqsadida birinchi bosqichda pokistonlik taniqli blogerlarni, ikkinchi bosqichda esa Pokiston telekompaniyalari, bosma va elektron nashrlari vakillaridan iborat ijodiy delegatsiyani O‘zbekistonga yuborish taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish