O‘zbekiston 2035-yilga borib farmatsevtika sohasidagi ishlab chiqarishni 10 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsad yo‘lida Hindiston kompaniyalarini jalb etmoqda
Iyun 09, 2026. 09:25 • 3 daq
• 76
DЕHLI, 9-iyun. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston mamlakatni MDH va Yevroosiyo bozorlari uchun yirik ishlab chiqarish hamda eksport xabiga aylantirish strategiyasini amalga oshirish maqsadida Hindiston bilan farmatsevtika, biotexnologiya va nutritsevtika sohalarida hamkorlikni faollashtirmoqda.
Hindistonning “Business Standard” ishbilarmonlik portalida ushbu mavzuda maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif Anjali Singh O‘zbekiston Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning so‘zlariga tayangan holda, mamlakatimiz farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2025-yildagi 620 million dollardan 2035-yilga borib 10 milliard dollargacha yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifani o‘z oldiga qo‘yganini ta’kidlagan.
Ushbu maqsadli ko‘rsatkich tarmoqning barqaror o‘sishini aks ettirmoqda. Xususan, so‘nggi ikki yilda tarmoqdagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi qariyb 80 foizga o‘sdi hamda 2023-yildagi 340 million dollardan o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 620 million dollarga yetdi. Nashr mazkur sur’at mahalliylashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va eksportga yo‘naltirilgan izchil siyosat natijasi ekanini qayd etgan.
O‘zbekistonning strategik qarashlari faqat import o‘rnini bosish doirasi bilan chegaralanib qolmagan.
“Business Standard” Abdulla Azizovning “Biz MDH mintaqasi uchun ishlab chiqarish va eksport xabiga aylanishga intilayapmiz”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan. O‘zbekiston Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Hindiston kompaniyalarini mamlakatimiz imkoniyatlaridan Markaziy Osiyo va Yevroosiyo bozorlariga chiqishda “strategik ko‘prik” sifatida foydalanishga chaqirgan.
MDH farmatsevtika bozorining hajmi 57 milliard dollarga baholanmoqda va ushbu mamlakatlar bilan erkin savdo rejimiga ega bo‘lgan O‘zbekiston hindistonlik ishlab chiqaruvchilarga mazkur yirik auditoriyaga chiqishda samarali imkoniyatlar taklif etmoqda.
Nashr hindistonlik investorlar uchun misli ko‘rilmagan qulaylik rejimi yaratilgan bo‘lib, u ixtisoslashtirilgan farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarida 10 yillik soliq imtiyozlari, yer qiymatini subsidiyalash va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, rivojlangan infratuzilma, dori vositalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarini qoplash va boshqa chora-tadbirlarni qamrab olgan, deb ta’kidlagan.
Bunday sheriklik shu paytgacha erishilgan natijalarga tayanadi. Xususan, Hindistonning qator kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun investitsiya kiritib bo‘lgan, boshqa salohiyatli sheriklar bilan muzokaralar esa faol bosqichda olib borilmoqda.
Joriy yil ishga tushirilgan hamda Umumevroosiyo sog‘liqni saqlash bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston-Hindiston farmatsevtika va nutritsevtika savdo koridori muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deb urg‘ulagan “Business Standard” portali.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi