O‘zbekiston va Turkmaniston talabalari qishloq va suv xo‘jaligi sohasida tajriba almashmoqdalar

May 27, 2026. 14:55 • 2 daq

1
O‘zbekiston va Turkmaniston talabalari qishloq va suv xo‘jaligi sohasida tajriba almashmoqdalar
O‘zbekiston va Turkmaniston talabalari qishloq va suv xo‘jaligi sohasida tajriba almashmoqdalar

ASHXOBOD, 27-may. /“Dunyo” AA/. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining 20 nafar talabasi S.A.Niyozov nomidagi Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini o‘tamoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki haftaga mo‘ljallangan ushbu maxsus dastur doirasida mamlakatimiz yoshlari turkmanistonlik tajribali professor-o‘qituvchilar va yetakchi mutaxassislar tomonidan qishloq hamda suv xo‘jaligi sohasining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilayotgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarida faol ishtirok etmoqdalar.

Talabalar Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetining o‘quv-tajriba xo‘jaligi, sohaviy zamonaviy texnika markazlari, Turkmaniston Fanlar akademiyasining ilmiy-texnologik parki hamda Markaziy botanika bog‘i kabi strategik obyektlar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Loyihaning borishi va ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universiteti rahbariyati ikki xalqning azaliy qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini alohida eʼtirof etdi. Universitet mutasaddilari ikki davlat rahbarlariga yoshlar o‘rtasida bunday keng ko‘lamli tajriba va akademik almashinuv imkoniyatini yaratib berganliklari uchun chin dildan minnatdorlik bildirib, o‘zbekistonlik talabalarning intellektual salohiyati va bilimga bo‘lgan intilishini yuqori baholadilar.

Ikki tomonlama do‘stona va sheriklik aloqalarining mantiqiy davomi sifatida, joriy yilning iyun-iyul oylarida Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetining 20 nafar talabasi ham xuddi shunday o‘quv amaliyotini o‘tash uchun Toshkentga — TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Shubhasiz, bu kabi proaktiv akademik almashinuv dasturlari O‘zbekiston va Turkmanistonning yosh olimlari hamda bo‘lajak mutaxassislari o‘rtasida mustahkam kasbiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish bilan bir qatorda, davlatlarimiz o‘rtasidagi taʼlim, innovatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasidagi strategik hamkorlik ko‘lamini yana-da kengaytirishga ulkan hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish