Logo

Toshkentda O‘zbekiston va Singapur tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

Aprel 29, 2026. 18:10 • 2 daq

73
Toshkentda O‘zbekiston va Singapur tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston va Singapur tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtinchi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar delegatsiyalariga tashqi ishlar vazir o‘rinbosarlari Bobur Usmanov va Kevin Chok rahbarlik qildi.

Uchrashuv davomida siyosiy-diplomatik hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, taʼlim hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi muloqotni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Turli darajadagi muloqotlar faollashgani, o‘zaro savdo diversifikatsiya qilinayotgani, oziq-ovqat va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligida qo‘shma investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi almashinuvlarni faollashtirish, shuningdek, sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kevin Chok O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotning o‘sishi va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilayotgan islohotlar ko‘lamini Singapur siyosiy va ishbilarmon doiralari katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini taʼkidladi.

Uchrashuv ishtirokchilari hamkorlikning foydalanilmagan salohiyatini ishga solish masalalarini muhokama qildi hamda o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tashriflar rejasini belgilab oldi.

Muzokaralar yakunida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish