O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari Minskda Belarus tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashdi

Iyun 09, 2026. 19:21 • 2 daq

5
O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari Minskda Belarus tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashdi

TOSHKENT, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Minsk shahrida Belarus tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Lukashevich bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar davomida O‘zbekiston–Belarus munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitayotgani qayd etildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-logistika sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, ta’lim, madaniyat va gumanitar yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, konsullik-huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, migratsiya sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish hamda ikki mamlakat konsullik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr bildirildi.

Tomonlar, shuningdek, joriy yilga rejalashtirilgan bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan ham fikr almashdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish