Pokistonning “Daily Ittehad” gazetasi muxbiri O‘zbekistonda “Oltin qalam” milliy mukofoti bilan taqdirlandi
Iyun 27, 2026. 15:30 • 3 daq
• 8
ISLOMOBOD, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahrida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir va “Oltin qalam” XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nufuzli tanlovda Pokistonning markaziy nashrlaridan biri – “Daily Ittehad” gazetasining O‘zbekistonda doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan muxbiri Muhammad Abbos Xon “Oltin qalam” milliy mukofotining “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi bo‘yicha ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
Muhammad Abbos Xon ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro tashabbuslar, mintaqaviy hamkorlik va barqaror taraqqiyotga qaratilgan sa’y-harakatlarni Pokiston jamoatchiligiga xolis va atroflicha yetkazib kelmoqda. Uning tahliliy maqolalari va intervyulari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, mamlakatimiz haqida obyektiv tasavvurni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Jurnalist “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratib keladi. Xususan, 2025-yilda uning muallifligida urdu tilida “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitob nashr etildi. Asarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ilm-fan, ta’lim, innovatsiyalar va inson kapitaliga tayangan taraqqiyot modeli har tomonlama tahlil qilingan.
Ushbu kitobga Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan so‘zboshi yozilgani uning ahamiyati va dolzarbligini yanada oshirdi. Kitob taqdimotlari 2025-yilda Islomobod va Toshkent shaharlarida yuqori saviyada tashkil etilib, davlat va jamoat arboblari, diplomatlar, olimlar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Nashr keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va ijobiy baholandi.
Bundan tashqari, Muhammad Abbos Xon O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar, xalqaro forumlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya loyihalari, madaniy-gumanitar aloqalar, turizm, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab tahliliy materiallar, intervyular va reportajlar tayyorlab kelmoqda. Uning ijodiy faoliyati O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, investitsiyaviy salohiyati, iqtisodiy islohotlari hamda mamlakatimizda yaratilayotgan yangi imkoniyatlarni xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhammad Abbos Xonning “Oltin qalam” milliy mukofoti bilan taqdirlanishi uning ko‘p yillik samarali jurnalistik faoliyati, O‘zbekiston haqida xolis, ishonchli va mazmunli axborotlarni xalqaro maydonda keng yoritish borasidagi xizmatlarining munosib e’tirofi bo‘ldi.
O‘zbekistonning Pokiston elchixonasi Muhammad Abbos Xonni ushbu yuksak mukofot bilan samimiy muborakbod etadi hamda unga O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va axborot hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar va yangi ijodiy yutuqlar tilaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi