Logo

O‘zbekiston Prezidenti Ohangarondagi zamonaviy maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini borib ko‘rdi

Fevral 13, 2026. 15:15 • 2 daq

111
O‘zbekiston Prezidenti Ohangarondagi zamonaviy maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini borib ko‘rdi

TOSHKENT, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumaniga tashrifi davomida bugun “Premier” maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish kengaydi.

Xususan, Ohangarondagi mazkur loyiha ham Birlashgan Arab Amirliklarining “Fajr Al Mustaqbal General Trading” korxonasi bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgan bo‘lib, umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil qiladi.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 4 million dollar eksport amalga oshiriladi. Ayni vaqtda qurilish ishlari 95 foizga bajarilib, 11,3 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iz Respublikasi, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Ayni paytda bu kabi korxona O‘zbekistonda ikkita, Markaziy Osiyoda esa to‘rtta bo‘lib, ularning orasida mazkur loyiha mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi.

Kelgusida majmua to‘liq ishga tushishining hisobiga 87 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilyapti.

Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar va ishchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerning o‘zida korxonaning 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi taqdimot qilindi. Mamlakatimizdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ko‘rgazmasi bilan tanishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish