O‘zbekiston Prezidenti tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish choralarini ko‘rib chiqdi

Iyun 09, 2026. 20:26 • 4 daq

58
O‘zbekiston Prezidenti tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish choralarini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimiz iqtisodiyotida tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘i muhim o‘rin tutadi. 2025-yilda jami sanoat mahsulotining 20 foizi ushbu soha korxonalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning byudjetga tushumlari 118,5 trillion so‘mni tashkil etdi.

Shu bois, sohani texnologik transformatsiya qilish, ishlab chiqarish va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy raqamli yechimlarni keng tatbiq etish iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, investitsiyalarni ko‘paytirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda strategik ahamiyat kasb etadi.

Dunyoda “barqaror rivojlanish” va “raqamli geologiya” konsepsiyalari jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2025-yilda yirik tog‘-kon sanoati korxonalarida 7,3 trillion so‘m operasion xarajatlar tejalib, mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaygan.

Shuningdek, “Geomonitoring” axborot tizimi joriy qilinib, 2 mingdan ortiq qazilma uchastkalariga oid ma’lumotlar raqamlashtirilgan.

Kelgusi besh yilda oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga, misni 676 ming tonnaga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangani qayd etildi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari geologik ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, qazilma boyliklarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shu maqsadda geologiya-qidiruv jarayonlarining barcha bosqichlariga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz buning uchun sohada texnologik transformatsiyani yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini sun’iy intellekt yordamida boshqarish va tahlil qilish tizimini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Tog‘-kon sanoati va geologiyada xaritalar, qidiruv natijalari, burg‘ilash ma’lumotlari, laboratoriya tahlillari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari kabi juda katta hajmdagi ma’lumotlar shakllanadi. Ularni yagona elektron bazaga jamlash, tezkor qidirish va 3D modellar orqali tahlil qilish yangi konlarni aniqlash imkoniyatini oshiradi.

Buning natijasida tannarxni 10 foizga kamaytirish, yangi konlarni ochish muddatini 2 karra qisqartirish, investorlarga taqdim etiladigan takliflar sonini 4 barobar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda 2030-yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingani ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, investorlar talab qilayotgan sifatli va ishonchli raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish zarur.

Shu munosabat bilan Geologik ma’lumotlar milliy bazasini yaratish taklif qilindi. Mazkur jarayonda “Texnologik transformatsiya markazi” tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobotlar va birlamchi ma’lumotlar raqamli ko‘rinishga o‘tkaziladi. Natijada geologik ma’lumotlarni shakllantirish, konlarni modellash va zaxiralarni hisoblash jarayoni 2 karra tezlashadi.

Taqdimotda 2026-2030-yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekko‘mir” hamda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.

Ushbu loyihalar besh asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat va sanoat xavfsizligini ta’minlash hamda kon-geologiya ishlarini raqamli transformatsiya qilish.

Loyihalarni amalga oshirish natijasida operasion samaradorlik 7 foizga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi esa 8 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, inson omili bilan bog‘liq xato va xavflar 15 foizga kamayishi mumkin.

Keyinchalik ushbu yechimlarni patentlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga tog‘-kon sanoati korxonalari biznes-rejalarini tuzishda ishlab chiqarish va mehnat resurslari samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni kiritish, texnologik va sun’iy intellekt loyihalari bo‘yicha alohida dasturlarni tasdiqlab borish topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish