Eldor Aripov: Geosiyosiy kelishmovchiliklar xalqaro hamkorlikni falaj qilmasligi kerak

Sentabr 25, 2026. 14:00 • 4 daq

• 156
Eldor Aripov: Geosiyosiy kelishmovchiliklar xalqaro hamkorlikni falaj qilmasligi kerak
Eldor Aripov: Geosiyosiy kelishmovchiliklar xalqaro hamkorlikni falaj qilmasligi kerak
Eldor Aripov: Geosiyosiy kelishmovchiliklar xalqaro hamkorlikni falaj qilmasligi kerak

NYU-YORK, 25-sentabr. / “Dunyo” AA/. 23–24-sentabr kunlari Nyu-Yorkdagi Garvard klubida BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasi doirasida Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazining “Umumiy kelajak yo‘lida ishonch, hamkorlik va global barqarorlikni tiklash” mavzusidagi yuqori darajadagi 37-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ishtirok etdi.

Tadbir xalqaro hamkorlik, barqaror rivojlanish, iqlim va energetika xavfsizligi, shuningdek, global boshqaruvda raqamli texnologiyalarning o‘rni yuzasidan fikr almashish uchun muloqot maydoni bo‘ldi.

Global bo‘linish sharoitida iqlim sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan sessiyada so‘zga chiqqan Eldor Aripov siyosiy tarqoqlik kuchayib borayotgan bir paytda iqlim o‘zgarishi davlatlarning o‘zaro bog‘liqligini yanada oshirayotganini ta’kidladi.

Uning fikricha, iqlim bilan bog‘liq muammolar nafaqat xavf-xatar manbai, balki mintaqaviy hamkorlikka muhim turtki beruvchi omilga ham aylanmoqda. Bu, ayniqsa, suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyoda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ekspert keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda havo harorati jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar tez oshmoqda. So‘nggi oltmish yil ichida esa muzliklar maydoni qariyb 30 foizga qisqargan. Ayni paytda muzliklar mintaqa suv resurslarining qariyb 90 foizi shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Ular qishloq xo‘jaligi, energetika va millionlab insonlar hayoti bog‘liq bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryoni suv bilan ta’minlaydi.

Aholi soni va iqtisodiyotning o‘sishi resurslarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 100 million kishiga yetadi. Suv, oziq-ovqat va energiyaga talab ortib boradi, iqlim o‘zgarishi esa ushbu resurslar bilan ta’minlanganlik darajasini oldindan baholashni tobora qiyinlashtirmoqda.

Mazkur muammolarni hal etish yo‘llari haqida so‘z yuritar ekan, Eldor Aripov mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, BMT iqlim sohasidagi umumiy maqsadlarni belgilab beradi, biroq ularga erishish har bir mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishni talab etadi. Zero, bir necha davlat hududini qamrab olgan daryo havzalari va muzliklar tizimlarini muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarsiz saqlab qolish imkonsiz.

SMTI direktorining fikricha, global muloqot qiyinlashgan sharoitda mintaqaviy hamkorlik formatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ular amaliy hamkorlikni davom ettirish va umumiy vazifalarni hal qilish imkonini beradi.

Eldor Aripov iqlim sohasidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. U iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlar bir vaqtning o‘zida bir necha davlatga ta’sir ko‘rsatishiga qaramay, xalqaro ko‘mak asosan alohida mamlakatlar va loyihalarga yo‘naltirilayotganini qayd etdi.

Shu munosabat bilan ekspert tabiiy resurslarni asrash va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishga chaqirdi. Bunday yondashuv umumiy daryo havzasining holatiga bog‘liq bo‘lgan barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish imkonini beradi.

SMTI direktori iqlim o‘zgarishiga moslashishni asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, rivojlanayotgan davlatlar uchun uzoq muddatli energetik o‘tish bilan bir qatorda kundalik vazifalarni hal etish ham muhim. Fermerlarni suv bilan ta’minlash, aholini suv toshqinlari va qurg‘oqchilikka tayyorlash, odamlarning daromad manbalarini saqlab qolish shular jumlasidandir.

So‘zining yakunida Eldor Aripov geosiyosiy kelishmovchiliklar xalqaro hamkorlikni izdan chiqarmasligi kerakligini ta’kidladi. Suv resurslarini boshqarish, ekologik monitoring va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari bo‘yicha barqaror muloqot davom etishi lozim.

SMTI ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda amaldagi va sobiq davlat hamda hukumat rahbarlari, BMT, xalqaro tashkilotlar, parlamentlar, ekspertlar hamjamiyati va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Faxriy ishtirokchilar orasida Latviya va Chernogoriyaning amaldagi prezidentlari, shuningdek, Bolgariya, Xorvatiya, Serbiya, Sloveniya, Finlyandiya, Bosniya va Gersegovina, Avstriya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Chexiya, Ruminiya, Gretsiya va boshqa davlatlarning sobiq prezidentlari hamda bosh vazirlari bor.

Tadbirning ochilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Sivilizatsiyalar alyansining oliy vakili Migel Anxel Moratinos, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Xitoy hukumatining Yevropa masalalari bo‘yicha sobiq maxsus vakili U Xunbo nutq so‘zladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish