O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
Iyun 09, 2026. 11:55 • 2 daq
• 80TYANTSZIN, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Sirdaryo viloyatining Guliston davlat universiteti delegatsiyasi Xitoyning Tyanszin shahridagi Yengil sanoat kasb-hunar texnik kollejida tashkil etilgan tajriba almashish kurslarida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur kurslarda universitetning Fizika kafedrasi professor-o‘qituvchilari muqobil energiya manbalari va yashil texnologiyalar yo‘nalishida, Axborot texnologiyalari kafedrasi mutaxassislari esa sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Tashrifning asosiy maqsadi Guliston davlat universitetida Xitoyning mashhur kasbiy ta’lim loyihalaridan biri hisoblangan “Lu Ban Workshop” (Lu Ban ustaxonasi)ni tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishga qaratildi.
Dastur davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar zamonaviy laboratoriyalar, innovatsion o‘quv markazlari hamda ishlab chiqarish korxonalarida amaliy tajriba almashdilar. Treninglar davomida ishtirokchilarga yangi energiya texnologiyalarining istiqbollari, yashil iqtisodiyot tamoyillari, sun’iy intellekt asosida media mahsulotlar yaratish, raqamli marketing va shaxsiy brendni shakllantirishning zamonaviy usullari bo‘yicha zarur bilimlar berildi.
Mazkur loyiha Sirdaryo viloyati yoshlari uchun muqobil energiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va innovatsion muhandislik sohalarida zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, seminar-treninglar Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirishga hamda kelgusida oliy ta’lim muassasasida tashkil etiladigan Lu Ban ustaxonasining samarali faoliyat yuritishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





