Logo

O‘zbekistonda Ispaniya tajribasi asosida zamonaviy issiqxonalar barpo etiladi

Fevral 19, 2026. 19:00 • 53 soniya

194
O‘zbekistonda Ispaniya tajribasi asosida zamonaviy issiqxonalar barpo etiladi

MADRID, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Ispaniyaning “New Greenhouses Projects S.L.” kompaniyasi direktori Xose Migel Rinkon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvning asosiy mavzusi dunyodagi eng samarali issiqxona xo‘jaliklari markazi hisoblangan Almeriya (Ispaniya) provinsiyasi tajribasi asosida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish bo‘ldi.

Issiqxonalarni energiya bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xose Rinkon anʼanaviy yoqilg‘i (gaz va ko‘mir) o‘rniga vodoroddan muqobil energiya manbai sifatida foydalanish texnologiyasi iqtisodiy va ekologik jihatdan eng maqbul yechim ekanini taʼkidladi.

Ispaniyalik tadbirkor O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar kooperatsiyasi modelini qo‘llash orqali xarajatlarni kamaytirish va mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Kadrlar tayyorlash yo‘nalishida Ispaniyaning “Bicore” o‘quv markazi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik agronom va texnik mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Dastlabki bosqichda 50 nafargacha mutaxassisni o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar yakunida Xose Rinkon yaqin vaqt ichida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurib, fermerlar bilan uchrashish va qurilish maydonchalarini ko‘zdan kechirishga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish