O‘zbekistondan Belarusga har yili 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilinadi
Aprel 15, 2026. 12:38 • 2 daq
• 236
MINSK, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurib, qator manfaatli kelishuvlarga erishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, safar doirasida O‘zbekiston vakillari Vitebsk viloyatining Braslav, Shumilin, Postav va boshqa hududlaridagi chorvachilik komplekslari hamda savdo obyektlari faoliyatini o‘rgandi. Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishning asosiy masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida “Asl Yuksalish Savdo”, “Muborak qorako‘lchilik” korxonalari va Shumilin tumanida joylashgan “Sirotinskiy” chorvachilik fermasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha turli kelishuvlarga erishildi.
Kelishuvlarga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni to‘rt ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga oladi. Ushbu yer maydoni negizida keng ko‘lamli loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, uning birinchi bosqichida ming bosh qoramol yetishtiriladi.
Agrar sektorga yo‘naltirilgan investitsiyalar bilan bir qatorda, eksport sohasi ham sezilarli darajada rivojlandi. “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi “Dobronom” YOAJ yirik savdo tarmog‘i bilan shartnoma imzolandi.
Shartnoma bo‘yicha O‘zbekistondan Belarusga har yili oltmish ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beriladi. Yetkazib beriladigan mahsulotlar qatoridan quruq mevalar, dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari va uzum o‘rin oladi.
Iqtisodiy blokdan tashqari, tomonlar gumanitar aloqalarga ham alohida eʼtibor qaratdi. Sayyohlar oqimini faollashtirish maqsadida ikki mamlakat turistik biznes vakillari uchun o‘zaro tanishuv safarlarini tashkil etishga qaror qilindi.
Belarus Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Yuriy Senko bilan uchrashuvda Minsk sahnalarida Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining spektakllarini namoyish etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi