Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘l liniyasining rekonstruksiya qilingan bekati ish boshladi

May 23, 2026. 13:00 • 2 daq

99
Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘l liniyasining rekonstruksiya qilingan bekati ish boshladi

MOZORI SHARIF, 23 may. /“Dunyo” AA/. Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘l liniyasining beshinchi bekati rekonstruksiyadan so‘ng yana qayta faoliyat boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Afg‘onistonning “TOLO news” telekanaliga tayanib.

Loyihaning umumiy qiymati 6,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish doirasida stansiyaga ilk bor tijoriy yuk poyezdi yetib keldi. Bu mintaqaning transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordami va hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi hamda mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarni Afg‘oniston iqtisodiyotini rivojlantirishga faolroq hissa qo‘shishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kobul Toshkent bilan ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor bo‘lib, ikki davlat fuqarolarining o‘zaro qatnov rejimini soddalashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda.

“O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida tashriflar o‘sishda davom etadi va kelajakda pasport va vizalar talab qilinmaydigan kelishuvga erishilishi mumkin”, - deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.

Afg‘oniston jamoat ishlari vaziri Muhammad Iso Soniyning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bilan hamkorlikda uzunligi 657 kilometr bo‘lgan Hayraton–Hirot temiryo‘lini qurish bo‘yicha loyihalar davom ettirilmoqda. Shuningdek, uzunligi 878 kilometrlik Hirot–Qandahor temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini o‘rganish ishlari moliyalashtirilmoqda.

Ishbilarmon doira vakillari temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish savdo hajmini oshirish, transport xarajatlari va yuk yetkazib berish muddatlarini qisqartirish hamda mintaqaga sarmoyalarni jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy nomidagi xalqaro aeroport yaqinida joylashgan stansiya ikki bosqichda 50 dan ortiq vagonni o‘tkazish quvvatiga ega. Loyiha doirasida ma’muriy binolarni rekonstruksiya qilish, elektr ta’minoti va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish, infratuzilmani yangilash, markazlashtirilgan podstansiya qurish, temir yo‘lning 75 kilometrlik qismida videokuzatuv va yoritish tizimlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Balx viloyati ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, qiymati 6,3 million dollarlik loyiha O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorligida amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayevning ta’kidlashicha, loyiha doirasida Naybobod–Mozori Sharif bekatining ma’muriy binolari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan va yangi markazlashtirilgan yordamchi stansiya ishga tushirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish