Kuala-Lumpurda Malayziya biznesining Farg‘ona viloyatidagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Iyun 09, 2026. 09:00 • 2 daq
• 115KUALA-LUMPUR, 9-iyun. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston–Malayziya biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Farg‘onada biznes yuritish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan tadbirda 150 dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari, Malayziyaning “MIMOS Berhad”, “Pharmaniaga”, “Mega Fortris Berhad” kabi 120 dan ziyod kompaniya va tarmoq assotsiatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan forumda ishtirokchilar O‘zbekistonning yuqori sarmoyaviy salohiyati va Farg‘ona viloyatining Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun mintaqaviy xab sifatidagi strategik ahamiyatini alohida qayd etdi.
Tadbir davomida dastlabki kelishuvlar, jumladan, “Orientex Synergy” kompaniyasi bilan Farg‘onada arzon uy-joylar qurish to‘g‘risida memorandum hamda Malayziya Xitoy assotsiatsiyasi bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Shuningdek, farmatsevtika, qayta tiklanuvchi energetika, quruqlik porti qurilishi, organik o‘g‘itlar hamda hasharotlardan oqsil ishlab chiqarish sohalaridagi sarmoyaviy tashabbuslar muhokama qilindi. Tomonlar joriy yilda Malayziya kompaniyalarining Farg‘ona viloyatiga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





