Logo

Islom sivilizatsiyasi markazida Malayziya qirolichasi ishtirokida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

May 05, 2026. 19:15 • 2 daq

683

TOSHKENT, 5-may. /“Dunyo” AA/. Malayziya qirolichasi Raja Zarita Sofiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy anʼana: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Konferensiyada davlat idoralari vakillari, universitet rektorlari, olimlar, xalqaro ekspertlar, tadqiqotchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qirolicha o‘z nutqida zamonaviy dunyoda ilm-fan va madaniyatlararo muloqotning muhimligini, shuningdek, ilmiy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish zarurligini taʼkidladi.

Yalpi majlislar va tematik seksiyalarda islom ilm-fani merosining zamonaviy talqini, musulmon olimlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va bu merosning hozirgi global ilmiy jarayonlardagi o‘rni muhokama qilindi. Shuningdek, tarixiy ilmiy anʼanalarni zamonaviy texnologiyalar, jumladan sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir doirasida qirolicha Raja Zarita Sofiya faxriy raisi bo‘lgan Malayziya texnologiya universiteti (Universiti Teknologi Malaysia) hamda Islom sivilizatsiyasi markazi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Imam Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imam Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida qator hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu hujjatlar ilm-fan sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Malayziya tomoni “Nasyrul Qur‘an” markazida nashr etilgan 20 ming nusxa Qurʼoni Karimni “Vaqf” xayriya jamoat fondi hadya etish tashabbusini bildirdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi maʼnaviy yaqinlikni yana bir bor namoyon etdi.

Konferensiya yakunida Malayziya qirolichasi va boshqa mehmonlar markazning asosiy ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Nafaqat diniy, balki tarixiy-ilmiy qimmatga ega bo‘lgan noyob qo‘lyozmalar va muqaddas matnlar namoyish etilgan Qurʼon zali ularda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir doirasida Qirolichaga “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida: Malayziya Islom sanʼati muzeyi to‘plami” kitob albomi tantanali ravishda topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish