Logo

Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi 2 153 ta asosli taklif asosida shakllantirildi

Fevral 20, 2026. 19:11 • 3 daq

65
Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi 2 153 ta asosli taklif asosida shakllantirildi
Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi 2 153 ta asosli taklif asosida shakllantirildi
Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi 2 153 ta asosli taklif asosida shakllantirildi

TOSHKENT, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugun Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida yangi tahrirdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiya loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamalari natijalari, bildirilgan takliflar, kiritilgan o‘zgartirishlar hamda kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnomasiga muvofiq, strategiyaning takomillashtirilgan loyihasi regulation.gov.uz va uzbekistan2030.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 2025-yil 30-dekabrdan 2026-yil 28-yanvargacha bo‘lgan muddatda 3 564 ta fikr va taklif kelib tushgan.

Shulardan 2 153 tasi asosli taklif sifatida baholanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan muhokama qilingan. 751 tasi takrorlanuvchi, 340 tasi qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar, 320 tasi esa tanqidiy mulohazalardan iborat. Muhim jihati shundaki, asosli deb topilgan takliflar aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida kiritilgan.

Eng ko‘p takliflar taʼlim, ekologiya, raqamlashtirish, energetika va transport sohalariga oid bo‘lgan. Shu bilan birga, jamoatchilik bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari ham inobatga olingan.

Strategiyaga kiritilgan qator ko‘rsatkichlar jamoatchilik takliflari asosida shakllantirilgani alohida taʼkidlandi. Jumladan, oliy taʼlim bitiruvchilarining doimiy ish bilan taʼminlanish darajasini 65 foizga yetkazish, 39 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilar ulushini 61 foizga chiqarish, tibbiyot muassasalarini 100 foiz raqamlashtirish, boshqaruv lavozimlarida xotin-qizlar ulushini 35 foizga, davlat fuqarolik xizmatini esa 40 foizga yetkazish bo‘yicha jamoatchilikning ko‘plab taklif va tashabbuslari o‘rganib chiqilgan.

Shahar va tuman markazlarida yashillik darajasini 30 foizgacha oshirish, 21 million gektar yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazish, notarial xizmatlarning kamida 30 foizini onlayn formatga o‘tkazish kabi ko‘rsatkichlarni shakllantirishda ham keng jamoatchilikning faolligi kuzatilgan.

Bu ko‘rsatkichlar ijtimoiy adolat, gender tengligi, raqamli transformatsiya va ekologik barqarorlik kabi global kun tartibidagi yo‘nalishlar bilan uyg‘un ekanini ko‘rish mumkin.

Shu yil 16 fevralda Shavkat Mirziyoyevning “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Ushbu hujjat bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi rasman tasdiqlandi.

Strategiyada 100 ta maqsad va 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan. Har bir ko‘rsatkichning moliyaviy manbalari aniq ko‘rsatilib, ularning ijrosi yilma-yil rejalashtirilgan. Hujjat doirasida 60 ga yaqin davlat organiga aniq vazifalar yuklatilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatiladi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy masʼuliyat yuklatilib, har yili Davlat byudjetini shakllantirish jarayonida Strategiya ko‘rsatkichlari alohida inobatga olinadi. Amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtirish uchun respublika komissiyasi tuzilgan.

Monitoring natijalari asosida har yarim yilda Prezident, Vazirlar Mahkamasi va Respublika komissiyasiga axborot taqdim etiladi. O‘z o‘rnida, Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot beradi. Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajargan tashkilotlar rahbarlari hamda xodimlari rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu tariqa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat ustuvor maqsadlarni belgilab beruvchi dasturiy hujjat, balki aniq indikatorlar, moliyaviy taʼminot va kuchli nazorat mexanizmiga ega bo‘lgan tizimli islohotlar dasturi sifatida amalga oshiriladi.

Tadbir yakunida OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga Agentlik va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbariyati hamda masʼul mutaxassislari tomonidan atroflicha javob berildi. 

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish