AQSh poytaxti meri 1-sentabrni Vashingtonda O'zbekiston Mustaqilligi kuni deb e'lon qildi
Sentabr 01, 2024. 08:56 • 2 daq
• 2236
VASHINGTON, 1-sentabr. /"Dunyo" AA/. AQSh poytaxti meri Muriyel Bauzer mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligini yuksak sharaflab, ushbu kunni Vashingtonda "O'zbekiston mustaqilligi kuni" sifatida rasman e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur e'tirof nafaqat yurtimiz mustaqilligiga bo'lgan hurmat, shu bilan birga, o'zaro mustahkamlanib borayotgan O'zbekiston va AQSh munosabatlari hamda Amerika poytaxtidagi o'zbek jamoatchiligi faoliyatiga bo'lgan yuksak ehtiromdan dalolatdir.
Vashington shahri meri O'zbekiston Mustaqillik kunining ahamiyatini ta'kidlab, Amerika Qo'shma Shtatlari O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olganligini qayd etdi.
Qo'shma Shtatlar poytaxtida 1-sentabrning O'zbekiston Mustaqilligi kuni deb e'lon qilinishi ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganining ifodasidir. So'nggi yillarda shakllangan hamkorlik o'zaro strategik sheriklik munosabatlarining yorqin namunasi bo'lib, turli sohalarda hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.
Merning maxsus bayonotiga ko'ra, AQSh va O'zbekiston ko'plab sohalarda, jumladan, chegara va mintaqaviy xavfsizlik dasturlari, madaniy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, ingliz tilida ta'lim berishni rivojlantirish bo'yicha mustahkam, o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirmoqda. Shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy va siyosiy islohotlar alohida mamnuniyat bilan qo'llab-quvvatlanmoqda.
Bauzer xonim so'zlariga ko'ra, O'zbekiston elchixonasi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim rol o'ynamoqda. Poytaxt meri ikki mamlakat o'rtasidagi shaxslararo aloqalarni kengaytirish va madaniy almashinuvni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini alohida ta'kidladi.
"Vashington shahri Amerika Qo'shma Shtatlarining poytaxti sifatida O'zbekiston mustaqilligi va uning jahon miqyosidagi ahamiyatini katta hurmat bilan e'tirof etadi", - deya ta'kidladi AQSh poytaxti meri.
Eslatib o'tamiz, AQSh poytaxti 1791-yilda tashkil etilgan va Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington sharafiga nomlangan. Vashington shahrida davlat hokimiyatining barcha uch tarmog'i, xususan, AQSh Prezidenti qarorgohi, Oq uy, shuningdek, ko'plab madaniy yodgorliklar va muzeylar joylashgan. Shaharda yuzlab elchixonalar, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg'armasi, Amerika davlatlari tashkiloti, Amerikalararo taraqqiyot banki va Panamerika sog'liqni saqlash tashkilotining bosh qarorgohlari o'rin olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari AQSH delegatsiyasi bilan uchrashdi
O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Qirg'iziston Prezidenti tomonidan qabul qilindi
Kobulda birinchi O'zbekiston-Afg'oniston siyosiy maslahatlashuvlari bo'lib o'tdi