O'zbekiston hunarmandlari va san'atkorlari Hindistonning Himachal-Pradesh shtatida o'tkazilgan xalqaro festivalda ishtirok etdi
Oktabr 31, 2024. 09:28 • 2 daq
• 127
DEHLI, 31-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi, Madaniyat vazirligi va "Hunarmand" uyushmasi hamkorligida o'zbekistonlik bir guruh hunarmandlar va san'atkorlarning Himachal-Pradesh (Hindiston) shtatida o'tkazilgan xalqaro festivaldagi ishtiroki tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Himachal-Pradesh shtatining Kullu shahrida har yili oktyabr oyida "Dussera" (Kullu Dussehra) xalqaro festivali o'tkaziladi hamda unda turli davlatlardan delegatsiyalar qatnashadi. Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu yorqin bayram tadbirlarini, shuningdek, 5 milliondan ortiq sayyoh tomosha qiladi.
Dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan, Himolay tog' tizmalari bilan o'ralgan Kullu shahri bir hafta davomida mahalliy hamda dunyoning turli mintaqalaridan kelgan san'atkorlar va hunarmandlarga mezbonlik qiladi. Festival doirasida yarmarka va ko'rgazmalar, madaniyat tadbirlari va sport musobaqalari uyushtiriladi.
O'zbekiston vakillari ham kashtachilik va tikuvchilik mahsulotlarini namoyish qildi. Mamlakatimiz hunarmandlik rastasi festival ishtirokchilari va mehmonlari tomonidan eng jozibador maydonchalardan biri sifatida e'tirof etildi.
– Men 24 yildan buyon qo'g'irchoqlar tikish bilan shug'ullanib kelaman, – deydi qo'qonlik hunarmand Shohsanam Xudoyberdiyeva. – Ko'plab shogirdlar tayyorlaganman, bugungi kunda kasanachi xotin-qizlar bilan hamkorlik qilayapman. O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi do'stlik aloqalari hunarmandlar uchun ham manfaatli bo'lmoqda. Biz o'zbekona, xalq amaliy san'ati namunalarini namoyish etdik. Mahsulotlarimizga Kullu shahri aholisi va mehmonlari, ayniqsa, bolajonlar katta qiziqish bildirdi.
Festivalning bosh maydonida namoyish qilingan madaniy dasturni Toshkent viloyatidan kelgan san'atkorlar ochib berdi. Ular tomonidan mamlakatimiz turli mintaqalariga xos ashula va raqslar hamda mumtoz qo'shiqlar ijro etildi. Musiqiy san'at ixlosmandlari o'zbek xalqining boy madaniy merosi namunalari hamda ommabop hind qo'shiqlarini olqishlar bilan kutib oldi.
– Hind xalqiga bizning chiqishlarimiz ma'qul kelganidan xursandmiz, – deydi Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig'i Ahror Mirzayev. - Biz bu yerda ko'plab do'stlar orttirdik, turli davlatlardan kelgan madaniyat va san'at vakillari bilan hamkorlik o'rnatdik. Bunday festivallar xalqlarimiz o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, madaniyat va san'at an'analarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz elchixonasi vakillari tomonidan "Dussera" xalqaro festivali doirasida o'tkazilgan uchrashuv va muzokaralar chog'ida O'zbekiston-Hindiston serqirra hamkorligini yana-da faollashtirish, ayniqsa hududlararo aloqalarni mazmunan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Nukus va Samarqand YUNESKOning Global taʼlim shaharlari tarmog‘iga qo‘shildi