Logo

O'zbekiston Yevropa Milliy metrologiya institutlari uyushmasiga hamkor davlat sifatida a'zo bo'ldi

Avgust 23, 2025. 12:20 • 2 daq

112
O'zbekiston Yevropa Milliy metrologiya institutlari uyushmasiga hamkor davlat sifatida a'zo bo'ldi

TOSHKENT, 23-avgust. /"Dunyo" AA/. Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo'lib o'tgan Yevropa Milliy metrologiya institutlari uyushmasi (EURAMET)ning 19-Bosh Assambleyasida O'zbekiston milliy metrologiya institutining mazkur tashkilot faoliyatida Markaziy Osiyodagi yagona "Liaison Organisation" (hamkor tashkilot) — assotsiatsiyalashgan a'zo sifatida rasmiy ishtirokini nazarda tutuvchi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

EURAMETga a'zo davlatlarning barcha vakillari O'zbekistonning metrologiya sohasidagi xalqaro faolligini, mintaqadagi yetakchi o'rnini hamda o'lchash sohasidagi ilmiy-texnik salohiyatini alohida e'tirof etdilar. Mazkur qaror mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega bo'lib, O'zbekiston milliy metrologiya institutiga EURAMETning rasmiy faoliyati, loyihalari va yig'ilishlarida to'laqonli ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.


O'zbekistonning EURAMETdagi ishtirokining asosiy yo'nalishlari:


-Xalqaro nufuz va ishonch: Markaziy Osiyodagi yagona hamkor tashkilot sifatida O'zbekistonning metrologiya sohasidagi yetakchiligi xalqaro miqyosda rasman tasdiqlandi.


-Yevropa metrologiya tizimiga to'g'ridan-to'g'ri kirish: Milliy institut EURAMET doirasidagi yetuk ilmiy loyihalar va tadbirlarda faol ishtirok etadi.


-Etalonlarni solishtirish: O'zbekistondagi milliy etalonlar Yevropa mamlakatlarining etalonlari bilan rasman taqqoslanadi, bu esa SI xalqaro o'lchov tizimiga to'liq kuzatuvchanlikni ta'minlaydi.


-Ilmiy-texnik hamkorlik: EMPIR (European Partnership on Metrology) doirasida qo'shma ilmiy-tadqiqot loyihalarda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.


-Kadrlar salohiyatini oshirish: institut mutaxassislari Yevropa mamlakatlaridagi o'quv kurslari, stajirovkalar va malaka oshirish dasturlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi.


-Sanoatni qo'llab-quvvatlash: Aniq o'lchovlar orqali mahalliy ishlab chiqarish sifatini oshirish va eksport mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.


Bugungi kunda O'zbekiston milliy metrologiya instituti EURAMET doirasida fotometriya va radiometriya yo'nalishidagi bir qator solishtirish loyihalarda faol ishtirok etmoqda.


O'zbekistonning EURAMET faoliyatidagi ushbu yangi maqomi mamlakatimizda metrologiya sohasidagi global integratsiya jarayonlarining jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi hamda milliy ilmiy-texnik salohiyatning xalqaro maydonda yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi.


EURAMET — Yevropa milliy metrologiya institutlarini birlashtiruvchi mintaqaviy tashkilot bo'lib, 2007-yildan buyon Germaniyada assotsiatsiya shaklida faoliyat yuritadi. U 38 ta Yevropa Ittifoqi va Yevropa erkin savdo uyushmasiga a'zo mamlakatlarning milliy metrologiya institutlari hamda 76 ta vakolatli ilmiy markaz va tashkilotlarni o'z ichiga oladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish