O'zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risidagi hukumatlararo bitimni imzoladilar
Dekabr 02, 2024. 10:33 • 2 daq
• 2336
TOSHKENT, 2-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risidagi hukumatlararo bitimni imzoladilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston va Xitoy Davlat Rahbarlari o'rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida bugun hamkasbim bilan birgalikda fuqarolarimizga ikki mamlakatga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi Bitimni imzoladik, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram kanalida. – Bu hujjat aloqalarimizni yana-da faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo'lidagi yana bir muhim qadamdir".
TIV ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti va Xitoy Raisi o'rtasidagi kelishuvga asosan, 2024 yil 1 dekabr kuni Chendu shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan O'zbekiston Hukumati bilan Xitoy Hukumati o'rtasida o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risidagi Bitim imzolandi.
Mazkur xalqaro shartnoma O'zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududlariga o'zaro vizasiz safar qilishlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, O'zbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun 30 kungacha muddatga viza talablaridan ozod qilinadi.
Mazkur xalqaro shartnoma tomonlar zarur bo'lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganidan so'ng kuchga kiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi