Logo

CNN: O'zbek allomalarning ilmiy merosi hozirgi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan, ularning asarlari jahon ilm-fani taraqqiyotiga xizmat qilmoqda

Yanvar 21, 2025. 16:18 • 2 daq

133
CNN: O'zbek allomalarning ilmiy merosi hozirgi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan, ularning asarlari jahon ilm-fani taraqqiyotiga xizmat qilmoqda

TOSHKENT, 21-yanvar. /"Dunyo" AA/. Dunyoning yetakchi axborot platformalaridan biri — CNN O'zbekistonning buyuk allomalari haqida turkum maqolalar chop etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Ahmad Farg'oniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi allomalarning o'zbek millatiga mansub bo'lgani alohida e'tirof etilgan.

Algebra fani asoschisi sifatida qayd etilgan Xorazmiy haqida fikr bildirilar ekan, uning "Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala" asari matematikaning rivojiga qo'shgan hissasi alohida qayd etiladi. "Har safar smartfon yoki kompyuterdan foydalanganimizda Muhammad ibn Muso Xorazmiyning ilmiy merosiga duch kelamiz",– deyiladi maqolada.

Nashrning ta'kidlashicha, IX asrning atoqli o'zbek olimi Farg'oniy islomning ilm-fan taraqqiy topgan Oltin davriga katta hissa qo'shgan. U astronomiya, matematika va geografiya fanlarida yetuk mutaxassis bo'lib, ham fan tarixida, ham islom sivilizatsiyasida o'z o'rnini mustahkamlagan.

Abu Rayhon Beruniyga ta'rif berilar ekan, CNN uni dunyoni o'lchagan odam sifatida e'tirof etadi, erishgan yutuqlari bilan ko'plab zamonaviy fanlarga asos solgan buyuk olim o'laroq tan oladi. "Uning Yerning aylanishi haqidagi gipotezasidan tortib Yer diametrini o'lchashgacha bo'lgan asarlari antik davr merosi va kelajakdagi yangiliklar, jumladan, keyinchalik Uyg'onish davridagi Yevropada paydo bo'ladigan innovatsiyalar o'rtasida ko'prik bo'lgan", deya ta'kidlangan nashrda.

Maqolada Abu Ali ibn Sino, tibbiyotning otasi sifatida tanilgan, "Tib qonunlari" asari bilan mashhur bo'lib, u ko'p asrlar davomida Yevropada va Sharqda tibbiyotning asosiy qo'llanmasi bo'lib xizmat qilgani alohida urg'ulangan. "U falsafa sohasida ham asarlar yozgan. Bu allomalarning ilmiy merosi hozirgi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan bo'lib, ularning asarlari jahon ilm-fani taraqqiyoti yo'lida xizmat qilmoqda", – deb yozgan CNN.

 Joriy oy yakunida CNN mashhur astronom va matematik Mirzo Ulug'bek haqida ham maqola e'lon qilishi kutilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish