Logo

O'zbekiston va Qozog'iston Senatlari o'rtasida 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha "yo'l xaritasi" imzolandi

Avgust 19, 2025. 11:22 • 2 daq

199
O'zbekiston va Qozog'iston Senatlari o'rtasida 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha "yo'l xaritasi" imzolandi

TOSHKENT, 19-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston parlamenti delegatsiyasining Ostona shahriga rasmiy tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva va Qozog'iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng ko'lamli masalalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va mintaqaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi.

Suhbat chog'ida ikki davlat rahbarlarining qat'iy siyosiy irodasi tufayli O'zbekiston–Qozog'iston munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko'tarilgani ta'kidlandi.

Parlamentlararo munosabatlar ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama shaklda yangi bosqichga ko'tarilgani ta'kidlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining Ikkinchi parlamentlararo forumi yakunlari va Qozog'iston delegatsiyasining Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasida ishtiroki yuqori baholandi.

Navbatdagi majlisi joriy yilning to'rtinchi choragida O'zbekistonda o'tkaziladigan ikki mamlakat Senatlari o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha parlamentlararo komissiyaning samarali faoliyati qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar O'zbekiston Oliy Majlisi huzuridagi Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsad va vazifalar amalga oshirilishini nazorat qilish bo'yicha Parlament komissiyasi hamda Qozog'iston Parlamentining shunday komissiyasi o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakuni bo'yicha parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish va xalqaro maydonda qo'shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan O'zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qozog'iston Parlamenti Senati o'rtasida 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha "yo'l xaritasi" imzolandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish