BAAning yetakchi banki O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi

May 22, 2026. 14:55 • 2 daq

146
BAAning yetakchi banki O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi

ABU-DABI, 22-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari BAAning eng yirik tijorat banki – “First Abu Dhabi Bank” rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda bank-moliya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni mamlakatda bank-moliya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, banklarni xususiylashtirish jarayonlari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilish, bank xizmatlari sifatini oshirish hamda ichki bozorda moliyaviy vositalar doirasini kengaytirish yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.

Muloqot chog‘ida “First Abu Dhabi Bank” ishtirokida O‘zbekistondagi “yashil iqtisodiyot” loyihalarini imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, tomonlar mamlakat tijorat banklarida islomiy moliyalashtirish vositalarini joriy etishga ko‘maklashish uchun bank ekspertlarini jalb qilish masalasini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida “First Abu Dhabi Bank” vakillari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Bosh qarorgohi Abu-Dabida joylashgan “First Abu Dhabi Bank” Yaqin Sharqdagi eng yirik tijorat banki hisoblanadi. Ushbu moliya instituti 2017-yilda “National Bank of Abu Dhabi” va “First Gulf Bank”ning qo‘shilishi natijasida tashkil etilgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bankning sof foydasi 4,4 milliard dollarga, aktivlari hajmi esa 330 milliard dollarga yetgan. Bank Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida o‘z vakolatxonalariga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish