Diplomat Farg'ona viloyati hokimining o'rinbosari etib tayinlandi
Noyabr 29, 2023. 12:25 • 2 daq
• 1026
TOSHKENT, 29-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kecha Nuriddin Mamajonov Farg'ona viloyati hokimining o'rinbosari – viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig'i etib tayinlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

U shu kunga qadar TIVning Iqtisodiy diplomatiya va madaniy hamkorlik departamenti direktorining birinchi o'rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Diplomat 41 yoshda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini hamda Markaziy Bogema universitetini (Chexiya) tamomlagan. Yevropa amaliy fanlar va menejment institutida (Praga) Biznes boshqaruv doktori (DBA) ilmiy darajasini olgan.
Mehnat faoliyati davomida O'zbekiston Adliya vazirligida, Tashqi ishlar vazirligida turli mas'ul lavozimlarda ishlagan. O'zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida, Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida faoliyat olib borgan. 2022-2023-yillarda O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchi bo'lgan.
Nuriddin Mamajonov Farg'ona viloyati hokimining o'rinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig'i bo'lib faoliyat olib borgan, Prezident qaroriga asosan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasi raisi lavozimiga tayinlangan Iqboljon Ergashev o'rniga tasdiqlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi