Logo

O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Hindistonda o'tkazilayotgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi

May 09, 2024. 13:36 • 2 daq

122
O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Hindistonda o'tkazilayotgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi

TOSHKENT, 9-may. /"Dunyo" AA/. Hindiston saylov komissiyasi taklifiga ko'ra, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisining o'rinbosari Bahrom Qo'chqorov boshchiligidagi delegatsiya ushbu mamlakatda bo'lib o'tayotgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Avval xabar qilinganidek, Hindistonda parlament saylovi joriy yil 19 aprel kuni boshlangan va dunyoda eng uzoq vaqt davom etadigan ushbu siyosiy tadbir 1 iyun kuni yakunlanadi.

Hindiston parlament demokratiyasi joriy qilingan va dunyoda aholisi eng ko'p bo'lgan mamlakatdir. Parlamentning quyi palatasi – 543 o'rinli Lok Sabhaning amaldagi faoliyat muddati 16 iyun kuni tugaydi. Ushbu muddatgacha Lok Sabhaning yangi tarkibi shakllantirilishi va hukumatga keyingi 5 yilda rahbarlik qiladigan Bosh vazir nomi e'lon qilinishi kerak.

28 ta shtat va 8 ta ittifoq hududlarida ovoz berish jarayoni bir necha bosqichda o'tmoqda hamda ovozlarni sanash 4 iyun kuni yakunlanishi zarur. Saylovda 968 million nafarga yaqin saylovchi qatnashadi.

O'zbekiston MSK delegatsiyasi a'zolari Dehli shahrida Hindiston saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdi. Shundan so'ng mamlakatimiz vakillari Uttar Pradesh shtatidagi bir necha saylov uchastkalarida bo'ldi, saylovchilar konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishi uchun yaratilgan sharoitlar va ovoz berish jarayoniga joriy qilingan ilg'or texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish