Logo

O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi o'z missiyasini yakunladi

Mart 23, 2024. 12:37 • 2 daq

3436
O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi o'z missiyasini yakunladi

AR-RIYOZ, 23-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ulug'bek Maqsudov bugun Saudiya Arabistonidagi diplomatik missiyasini yakunlab, Vatanga qaytmoqda, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Ulug'bek Maqsudov elchi lavozimda 2018-yilning may oyidan beri ishlab kelayotgan edi.

Qirollik rasmiylari bilan o'tgan xayrlashuv uchrashuvlarida ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlari sezilarli darajada faollashdi.

2022-yil 17-18-avgust kunlari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tarixiy davlat tashrifi bo'lib o'tdi. Davlatimiz rahbari 2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan qirollikda bo'ldi.

Ushbu tashriflar tufayli qisqa vaqt ichida ikki tomonlama munosabatlar o'zaro hamkorlikning barcha yo'nalishlarida jadal rivojlandi.

Bunga Savdo, iqtisod, investitsiyalar, fan, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari bo'yicha O'zbekiston-Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining uchta yig'ilishi hamda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchta davrasi o'tkazilgani ham hissa qo'shdi.

Ayni paytda Toshkent shahrida Tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi, 2025-yilda esa "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" strategik muloqoti bo'yicha davlat rahbarlari sammitiga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka alohida e'tibor qaratdilar. Ikki mamlakatda O'zbekiston va Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari ishtirokida navbatma-navbat 8 ta biznes-forum o'tkazildi. O'zbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashining 3 ta yig'ilishi – Buxoro, Toshkent va Ar-Riyozda muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonining O'zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyasi 30 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. 2-3-may kunlari bo'lib o'tadigan 3-Toshkent xalqaro investitsiya forumida Saudiya Arabistoni biznesining faol ishtiroki kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Ulug'bek Maqsudov bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi O'zbekistonning doimiy vakili ham bo'lgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish